O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»

2019 yil 13 dekabrdagi farmoyishi asosida O‘zbekiston bo‘ylab «Vatanparvarlik — milliy yuksalish kafolati!» shiori ostida 2019 yil 15 dekabrdan 2020 yil 15 yanvargacha bo‘lgan davrda Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar o‘tkazilishi boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Farmoyish bilan tasdiqlangan tadbirlar dasturi 5 ta bo‘lim, 67 banddan iborat bo‘lib, tashkiliy, axborot-tashviqot yo‘nalishidagi, aholi o‘rtasida olib boriladigan harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy tadbirlar, targ‘ibot-tushuntirish ishlari, madaniy-ma’rifiy va sport yo‘nalishidagi hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilgan tadbirlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Dasturda yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi insho, surat, she’r va amaliy san’at tanlovlari, ijodiy tanlovlar va sport musobaqalari, jumladan «Men albatta harbiy bo‘laman!» tanlovi, «Men ham Vatanimga xizmat qilaman!» mavzusidagi estafetalar, harbiy orkestr va badiiy havaskorlik guruhlarining konsert dasturlari va chiqishlari, shuningdek harbiy texnika va qurol-aslahalarning modernizatsiya qilingan namunalari namoyish etiladigan «Techno Discovery» festivallari va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur Farmoyishda vazirlik, idora va tashkilotlarning 31 nafar rahbarlari va mas’ul shaxslaridan iborat ishchi guruhga harbiy-ma’muriy sektorlar bilan hamkorlikda mamlakatimizning har bir fuqarosiga Vatan himoyachilari kuni bayramining ahamiyati, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishda, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining o‘rni va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek mazkur tadbirlarda fan, madaniyat va san’at arboblari hamda sportchilar, keng jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar va faxriylarning o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etishi belgilangan.

Anjuman davomida mas’ul shaxslar tomonidan Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash maqsadida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi, tayyorlanayotgan maqolalar, tele va radiodasturlarda asosiy e’tiborni so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarni isloh etish va rivojlantirish mobaynida qo‘lga kiritilgan yutuqlarga, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalarida amalga oshirilgan ishlarga qaratish haqida ma’lumotlar berildi.

Matbuot anjumanida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya mas’ul xodimlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, shuningdek respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi Shavkat Mahmudov shu paytgacha uch fasli suratga olinib, efirga uzatilgan «Sardor» filmining to‘rtinchi faslini suratga olish bo‘yicha vazirlik rahbariyatiga taklif berilganini ma’lum qildi.