O‘zbekistonda yo‘l qoplamalarini sifatsiz ta’mirlaganlik va yo‘llarni saqlash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar joriy etilmoqda. Oliy Majlis Senatining shanba kuni bo‘lib o‘tgan 25-yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritish ma’qullandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

MJTKning 147-moddasi birinchi qismi (Yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo‘l harakatiga qasddan xalal berish, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish) avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularga sun’iy notenglik va to‘siqlash qo‘yish, avtomobil yo‘llarida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik kabi talablar bilan to‘ldirildi.

Avval mazkur moddaning birinchi qismida ko‘zda tutilgan qoidabuzarlik uchun eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida jarima ko‘zda tutilgan bo‘lsa, endilikda fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 dan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa BHMning 10 baravari miqdorida jarima joriy etilmoqda.

2019 yilning o‘tgan davrida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, Toshkentda avtomobil yo‘llarida yo‘l ishlarini o‘tkazishga 574 ta ruxsatnoma berilgan bo‘lsa, 254 ta holatda yo‘l qoplamalari sifatsiz tiklangan yoki mutlaqo tiklanmagan, 110 ta holatda esa ishlar ruxsatnomasiz olib borilgan.

Toshkent viloyatida 27 ta, Samarqand viloyatida — 18, Sirdaryo viloyatida — 11, Andijon viloyatida esa 20 ta shunday holatlar aniqlandi.

Yo‘l-qurilish ishlari ustidan nazorat inspeksiyasiga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzib, uni ko‘rib chiqish va undiruv qo‘llash uchun sudga taqdim etish huquqining berilishi kutilmoqda.