O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi «Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi» nomidan pornosaytlarga kirayotganlardan jarima talab qilayotgan kiberfiribgarlar to‘g‘risida xabar qildi.

«So‘nggi paytlarda fuqarolarimiz tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targ‘ib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida boshqa shu kabi resurslarga avtomatik tarzda o‘tib ketish orqali „O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limidan bildirishnoma“ sarlavhasi ostida sizib chiquvchi oynada foydalanuvchining taqiqlangan saytlarga kirgani sababli go‘yoki IIV tomonidan u 200 000 so‘m (ayrim hollarda 300 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda», — deyiladi xabarda.

Foydalanuvchi WebMoney tizimi orqali pul jo‘natishi, aks holda qurilmada saqlangan kontaktlarga foydalanuvchining pornografik foto va video mahsulotlar joylashtirilgan internet resurslaridan foydalangani haqida ma’lumotlar yuborilishi aytiladi.

Shu bilan birga, foydalanuvchilarning internet veb brauzeri blokirovka holatiga tushib qolmoqda.

IIV vazirlik tarkibida «Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi» yo‘qligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, IIVning WebMoney tizimida elektron karmonlari ham mavjud emasligi bayon qilindi.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.