2019−2020 o‘quv yilida qishki ta’til oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda akademik litsey va kollejlar o‘quvchilari uchun 20 dekabrdan 6 yanvargacha davom etadi. Yangi yilda mashg‘ulotlar 6 yanvar kunidan boshlanadi, deya xabar qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Bu talabalar O‘zbekiston Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarda o‘z yashash joylarida ovoz bera olishlari uchun qilindi. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu haqda tegishli qaror qabul qilindi.

5−22 dekabr hamda 1−6 yanvar kunlari Uzbekistan Airways va «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyalari tabalalar uchun chiptalarni ichki reyslarda 50 foizlik chegirma bilan sotadi. Kompaniyalarga talaba va o‘quvchilar uchun qo‘shimcha joylar soni ko‘paytirish va uch kun muddatda oliy ta’lim muassasalari rahbariyati tomonidan tavsiya etilgan joylarda sayyor kassalar tashkil etish topshirildi.

Qishki ta’til davomida OTMlar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida mavjud bo‘lgan barcha to‘garaklar, sport-sog‘lomlashtirish bo‘limlari, seksiyalari va klublari to‘liq faoliyat ko‘rsatadi.