2 dekabr kuni taxminan soat 05:00 larda noma’lum shaxs boshqaruvidagi transport vositasida Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi «Toshkent-Olmaliq» avtomobil yo‘lining 6- kilometrida piyoda 53 yoshli A.V.ni urib yuborgan, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Haydovchi jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatmasdan uni xavf ostida qoldirib hodisa joyidan yashiringan. Oqibatda A.V. yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyida vafot etgan. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish jarayonida oq rangli transport vositasining old bamper qismi va boshqa bo‘laklari topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida, tegishli ekspertizalar tayinlangan, ushbu YTHni sodir etgan transport vositasi va uning haydovchisini aniqlash maqsadida tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ushbu holatni ko‘rgan voqea shohidlari yoki uning qatnashchilari haqida biron-bir ma’lumotga ega bo‘lganlardan hududiy IIBlarga (Tel:0−370−762−41−21; 0−370−762−41−22; 71−231−46−26) xabar berish so‘raldi.

Foto: MY5 tелеканали.

Avvalroq, 8 noyabr kuni taxminan 2:05 da Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidan o‘tuvchi «Toshkent-Termiz» avtoyo‘lining 1033- kilometrida bir nechta avtomobil yo‘l chetida yotgan ayolni bosib o‘tgan. Bu haqda MY5 xabar qildi.

Avvaliga mast holatda bo‘lgan ayol kishini (1997 yilda tug‘ilgan) Isuzu yuk mashinasi bosib ketadi. Haydovchi bir necha metrdan so‘ng mashinani to‘xtatadi, biroq guvohlar yo‘qligida yordam ko‘rsatmasdan hodisa joyidan yashirinadi, dedi YHXB xodimi. So‘ngra ayolni yana bir nechta avtomobil bosib ketadi.

Samarqand viloyatining Narpay tumanida yashovchi yuk avtomobili haydovchisi (1966 y. t.) 8−10 metr masofada qizil buyum ko‘rgani, biroq uning odam ekanini bilmaganini ma’lum qildi.

G‘allaorol tuma IIB mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.