Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Senat yalpi majlisida nutq so‘zladi.

«Boshqaruv sohasidagi islohotlarning hal qiluvchi yo‘nalishi bu — davlatning iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvini qisqartirishdir. Zamon iqtisodiyotda hukumat ulushi katta bo‘lgan tizimning raqobatbardosh emasligini ko‘rsatdi. Shu bois, ma’muriy boshqaruv islohotlarning hal qiluvchi ko‘rsatkichi va uning asosiy yo‘nalishi — xususiylashtirish va monopoliyaga barham berishdir.

Bu sohada oxirgi uch yil mobaynida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 86 ta litsenziyalanadigan faoliyat turi va ruxsat berish tartib-taomili bekor qilindi. Natijada, xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlar soni 25 foiz ko‘paydi. Ko‘p tarmoqlarda raqobat ortdi: shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari, mebel, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishda. Avval yuqori darajada monopoliyalashgan qurilish materiallari, kabel mahsuloti va pul o‘tkazish xizmati kabi sohada yakka hukumronlikka barham berildi. Umuman, mamlakatda monopol korxonalar soni ikki barobar qisqardi.
Ammo bu sohada o‘z yechimini kutayotgan tizimli masalalar ko‘zga tashlanmoqda.

Tovar va moliya bozorlarida davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mavqei baland. Ular monopoliyalarning 80 foizini tashkil qilmoqda va o‘z nazoratlari ostida bo‘lgan tuzilmalar tashkil etib raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqdalar. Bugun bunday korxonalar soni 4,3 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning samarasizligi subsidiya berish, soliq va bojxona imtiyozlari, imtiyozli kreditlarni taqdim etish shaklidagi davlat ko‘magi bilan qoplanmoqda.

Moliya va kapitallar bozorlarida davlat ishtiroki balandligicha saqlanib qolmoqda. Ushbu holat o‘z navbatida manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmoqda va bozor mexanizmlarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Bank sektorining 83 foizi davlat ishtirokida faoliyat ko‘rsatadi. Tarmoq regulyatorlari raqobatni rivojlantirishda sustligicha qolmoqda.

Tabiiy monopoliyalar tomonidan qo‘llanadigan narxlarni shakllantirish usuli xarajatlarni tejash o‘rniga ularni ko‘paytirishni rag‘batlantiradi.

Biznes sub’ektlari uchun bozorga chiqishda sun’iy to‘siqlar hali-hanuz mavjud. Natijada Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi past darajada saqlanib qolmoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 140-o‘rinni egalladi.

Bu vaziyatda, hukumat tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish Strategiyasi bo‘yicha «Yo‘l Xaritasini» qabul qilishni tezlashtirish kerak. Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqkan holda, bu sohadagi faoliyat yuzasidan Senat muntazam ravishda Monopoliyaga qarshi kurashish Qo‘mitasining axborotini eshitish amaliyotini joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ushbu mavzuga oid yana bir masala bu xususiy mulkning huquqiy himoyalanganligi va daxlsizligini ta’minlashdir. Uni hal qilmasdan xususiy ichki va xorijiy investitsiyalarni iqtisodiyotga to‘laqonli va keng ko‘lamda jalb qilish imkonyati yo‘q", — dedi Sodiq Safoyev.