Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hokimiyati tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Hujjatlarda ma’muriyat binosidagi hisoblagich o‘chirilgan ko‘rsatilgan, deya xabar qildi «O‘zenergoinspeksiya» hududiy bo‘limi.

Noqonuniy ravishda foydalanilgan elektr energiyasi hajmi 124,2 ming kVt⋅s, zarar miqdori esa 55,8 mln so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli ko‘cha chiroqlari elektr ta’minoti hisob nuqtalari o‘rganilganda, bitta hisob nuqtasida hisoblagichsiz o‘zboshimchalik bilan ulangani, bitta hisob nuqtasida hisob-sxema buzilgani, ya’ni hisoblagich ajratib qo‘yib ishlatilayotgani, 4 ta hisob nuqtasida mavjud transformator punkti va hisoblagichlar shartnoma va dasturga kiritilmasdan ishlatilayotgani aniqlandi.

Tekshiruv yakunlari bo‘yicha 335,6 mln so‘m (745,8 ming kVt.s) qayta hisob qilindi va undirishga yo‘naltirildi.