2019 yilning 28 noyabr kuni soat 21:00 da Samarqand viloyati Samarqand shahri Sug‘diyona mavzesida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.M. viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, farzandi 2010 yilda tug‘ilgan A.J. uy ichida qamalib qolganligi to‘g‘risida xabar berdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur murojaat yuzasidan boshqarma qutqaruv otryadi voqea joyiga zudlik bilan yetib borishdi. Shundan so‘ng, qutqaruvchilar maxsus asbob-anjomlar yordamida xonadonning temir eshigini ochib kirishadi.

Hodisaga aniqlik kiritilganda, xonadon egasining e’tiborsizligi bois gaz plitasidagi qozonning tagi o‘chirilmagan. Buning oqibatida tutun hosil bo‘lib, uy ichida yotgan bolakay hushini yo‘qotgan.

O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida yong‘in sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xonadon hamda uning ichida qolgan bola omon qoldi.