Rossiyaning «KamAZ» kompaniyasi seshanba kuni Samarqand viloyatida ikkinchi yig‘ish liniyasini foydalanishga topshirib, ishlab chiqarish quvvatini ikki barobarga — yiliga 3000 ta yuk mashinasiga qadar oshirdi, deya xabar qildi UzAuto kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

2018 yil martida «KamAZ» Samarqand viloyatidagi UzAutoTrailer ishlab chiqarish maydonchalarida yuk ko‘tarish qobiliyati 10 tonnadan 36 tonnagacha bo‘lgan 11 ta modelni yig‘ishga kirishdi. Yuk mashinalari Yevro-3 va Yevro-4 standartlariga javob beruvchi 240 dan 401 tagacha ot kuchiga ega dvigatellar bilan ta’minlangan. Yig‘ish maydonchasining ishlab chiqarish quvvati yiliga 1500 ta yuk mashinasini tashkil etar edi.

Ochilish marosimida Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov hamda «KamAZ» bosh direktori Sergey Kogogin ishtirok etdi.

Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yangi liniya jami 7400 kvadrat metr maydonni egallab, ishlab chiqarishni yiliga 3000 ta yuk mashinasiga qadar oshirdi. Shu yerning o‘zida «KamAZ» shassisiga gaz ballonlarini o‘rnatish uchastkasi ham tashkil etilgan.

Yangi liniya ochilishi doirasida UzAutoTrailer va «KamAZ» ustav fondi 5 mln dollardan iborat Kamaz Asia Leasing qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis hujjatlari ham imzolandi.

«Qo‘shma korxona „yagona darcha“ rejimida lizingga „KamAZ“ avtomobillarini sotib olishda sug‘urta, telemetriya uskunalarini o‘rnatish, onlayn xizmat ko‘rsatish va loyallik dasturini o‘z ichiga olgan kompleks mahsulotlarni taklif etadi», — deya qo‘shimcha qildi UzAuto.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda «KamAZ» avtomobillari parki 14 ming donaga yaqinni tashkil etadi.