22−23 noyabr kunlari Samarqandda Invest in Samarkand X Xalqaro investitsion forum va viloyat mahalliy ishlab chiqaruvchilarining Made in Samarkand milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati. Birinchi bor tashkil etilgan forum ishida 31 davlatdan 310 dan ortiq vakillar qatnashdi.

Forum doirasida O‘zbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi hamkorligida Samarqand viloyati hokimi va Ispaniya qirollik klubi — Madridning «Real» jamoasi rahbari bilan Samarqandda ushbu klubning akademiyasini ochish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Yirik xorijiy investorlar bilan Samarqand xalqaro aeroportini qurish va undan foydalanish, zamonaviy attratsionlar va keng formatli, IMAX kinoteatrli istirohat bog‘i, avtobus texnika vositalari ishlab chiqarish, «IT istirohat bog‘i», «Siti», biznes markazlari, sayyohlik majmualari bo‘yicha va bir qator ijtimoiy-gumanitar loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Forum yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov xalqaro investitsiya forumida umumiy miqdori 1,7 milliard AQSH dollaridan ortiq 234 ta kelishuv bitimlari imzolangani qayd etdi.

Jumladan, 1 mlrd 543 million AQSH dollari miqdorda 53 ta investitsion bitimlar imzolandi. Shundan, mahalliy tadbirkorlar investitsiyalari qiymati 126,8 million AQSH dollari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar qiymati esa 1 mlrd 416 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Xitoyning Nanyang PuKang Yunlong Pharmaceutical co.ltd korporatsiyasi va Kattaqo‘rg‘ondagi PUKANG ZHIYAO o‘rtasida farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha («Makkajo‘xoridan dorivor yog‘ ishlab chiqarish» loyihasi, qiymati 70 million AQSH dollar) kelishuvga erishildi.

Xitoyning Huatong Cable inc korxonasi va «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida «Tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish» bo‘yicha qiymati 30 million AQSH dollarlik loyiha imzolandi.Janubiy Koreyaning M.Pharm Corp va Samarqand tumanidagi «Koreyskaya strana» korxonasi farmatsevtika sohasida qiymati 20 million AQSH dollari bo‘lgan loyihani birgalikda amalga oshiradigan bo‘ldi. Shu bilan birga forum davomida umumiy qiymati 181 million AQSH dollari miqdoridagi 61 ta eksport shartnomasi imzolandi.

Samarqand shahridagi «Zarafshon tekstil» korxonasi va Rossiyaning «Avgust» korxonasi o‘rtasida trikotaj va jinsi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 20 million dollarlik bitim tuzildi. Toyloq tumanidagi Bro Bins korxonasi va Turkiyaning Shark Yildizi shirkati o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 5 million dollarlik shartnoma imzolandi.

Bulung‘ur tumanidagi Samarqand Garden Plast korxonasi esa Afg‘onistonning «Musin Amiri» korxonasi bilan 9 million dollarlik ana shunday kelishuvga erishdi.

Umuman, forum davomida sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 1 mlrd 70,3 million AQSH dollari bo‘lgan 46 ta bitim, xizmat ko‘rsatish sohasida 464,8 million dollarlik 10 ta bitim, qishloq xo‘jaligi sohasida 189,1 million dollarlik 58 ta bitimlar imzolandi.