Toshkent davlat soliq xizmati organlari tomonidan poytaxtning Bektemir tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida katta miqdordagi pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi Toshkent DSB matbuot xizmati.

Xususan, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro Nozima Shokirova (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) hech qanday hujjatlarsiz pirotexnika vositalarini savdoga qo‘ygani aniqlandi. Tadbir davomida 3 turdagi 333 dona (quti) umumiy qiymati 8 million 910 ming so‘mlik pirotexnika mahsulotlari noqonuniy savdosining oldi olindi.

Profilaktik tadbirlar davomida Bektemir tumani Nurashon ko‘chasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan yana bir fuqaro Ulug‘bek Ummatov ham 3 turdagi 15 dona (quti) umumiy bahosi 800 ming so‘mlik pirotexnika vositalarini pullash payida bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Oqkurg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro Shodiyor Doniyorov respublikaga noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan 20 dona umumiy qiymati 800 ming so‘mlik pirotexnika vositalarini noqonuniy savdoga qo‘ygani aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik va jazo choralari belgilangan.