Adliya vazirligi Investitsiyaviy nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markazning (ICSID) Arbitraj tribunalining turk investorlar guruhining O‘zbekistonga qarshi da’vosi bo‘yicha qaroriga izoh berdi.

Tribunal 4 oktyabr kuni Güneş Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi va boshqa ishbilarmonlar da’vosi bo‘yicha qaror chiqardi. O‘shanda Global Arbitration Review nashri arbitraj O‘zbekistonga savdo markaziga sarmoya kiritgan turkiyalik investorlarga ekspropriatsiya uchun 40 million dollar to‘lashni buyurgani haqida xabar qilgan edi (gap 2011 yilda yopilgan Turkuaz savdo markazi haqida). Huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan yetkazilgan jismoniy zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lgan ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo esa rad etildi.

Turk investorlarining savdo tarmog‘ini ekspropriatsiya qilish bo‘yicha 90 foiz da’vo talablari rad etildi, deya ma’lum qildi Adliya vazirligi. Tribunal da’voning ko‘plab bandlari bo‘yicha hukumatning nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatladi va da’vogarlarning minimal miqdordagi talablaridan tashqari qolgan asosiy avvalboshdan oshirib ko‘rsatilgan da’volarini rad etdi.

«Amalda Tribunal o‘zining vakolatlari cheklanganligini tan olib, dastlab da’vo kiritgan 6 nafar da’vogardan mamlakatimizda „investor“ tushunchasiga mos kelmaydigan uch nafarining da’volarini rad etdi», — deyiladi xabarda.

Da’vogarlarning ularga 180 million AQSH dollari miqdoridagi ma’naviy zarar yetkazilganligi haqidagi da’volarini, shuningdek, yetkazilgan moddiy zarar miqdoriga oid da’vogarlar tomonidan taqdim qilingan 66 million AQSH dollaridan ortiq miqdordagi oshirib ko‘rsatilgan baholarni rad etdi.

Shuningdek, Tribunal da’vogarlarning ularga go‘yoki shafqatsiz munosabatda bo‘linganligiga oid barcha da’volarini ko‘rib chiqishni rad etdi. «Shu bois Vohit Guneshning shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq barcha bayonotlari bir tomonlama fikrligicha qolmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan tashqari, tribunal O‘zbekistonning «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq O‘zbekistonga qarshi ICSIDga da’vo kiritish uchun huquqiy asos mavjud emasligini tan oldi.

Shu bilan birga Tribunal da’vogarlarning O‘zbekiston tomonidan ikki tomonlama investitsion shartnomaning buzilganligi ehtimoli haqidagi boshqa da’volari haqida biror bir xulosa berishdan tiyildi.

O‘zbekiston hukumati xorijiy investitsiyalarning kirib kelishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda investitsiyalar va investorlarni huquqiy himoya qilishni ta’minlashni kafolatlaydi, deya ta’kidladi Adliya vazirligi.