Toshkentda «Mushukkent» loyihasi doirasida ilk mushuklar uchun uycha joylashtirildi. G‘oya «Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati, «Hayot» uysiz hayvonlar uchun boshpana va ko‘ngillilar tomonidan poytaxt IIBB ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Birinchi mushuklar uychasi yakshanba kuni Yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi va ma’muriy qamoqni o‘tash muassasasi yaqiniga joylashtirildi. Tez orada butun Toshkent bo‘ylab 78 ta ichki ishlar bo‘limlari yaqinida jonivorlar uchun uychalar o‘rnatiladi.

«Biz xavfsiz shaharda yashashni, mehribon va rahmdil yoshlar orasida keksayishni xohlaymiz. Umuman olganda, jamiyat uchun bu juda muhim», — deb yozadi mushuklar uychalarini qurish tashkilotchilari o‘zlarining Faysbuk sahifasida.

78 ta mushuklar uychalarini qurishni reabilitatsiya markazi yashovchilari o‘z zimmalariga olishdi. Ulardan ba’zilari «Hayot» uysiz hayvonlar boshpanasida ikki oydan ko‘proq vaqtdan beri ishlab kelmoqda. Mazkur loyiha yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni jonivorlar bilan muloqot qilish yo‘li orqali reabilitatsiya qilish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Mushuk uychalarining qurilishi, shuningdek, uysiz odamlarni ijtimoiylashtirish vositalaridan biri bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi IIBB.