O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qolipli non narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan omillarni sanab o‘tdi.

Vazirlar Mahkamasining 14 oktyabrdagi qarori bilan g‘alla yetishtirish, un va non ishlab chiqarish tizimiga bozor mexanizmlari joriy etildi. 15 oktyabrdan esa «O‘zdonmahsulot» tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi.

Bunga qadar, Bosh prokuratura matbuot xizmatining qayd etishicha, aholining unga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilardan g‘allani past narxlarda sotib olish mexanizmi amal qilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining har oylik bayoni asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga yopiq birja savdolari orqali mahalliy bug‘doy uni sotib kelingan. Davlat ehtiyojlari uchun sotib olingan g‘alla narxi 2017 yilda — 550, 2018 yilda — 750, 2019 yilda esa — 1420 so‘m etib belgilangan.

«Oqibatda fermerlar va don korxonalarining iqtisodiy zarar ko‘rishi, ular moddiy-texnika bazalarini yaxshilay olmasliklari, hosildorlikni oshirishga bo‘lgan rag‘batning tushib ketishiga olib keldi», — deyiladi bayonotda.

Ko‘p yillar davomida amal qilib kelgan mazkur tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini arzon narxli qolipli nonga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat bo‘lishi bilan birga, turli korrupsiyaviy sxemalarning vujudga kelishiga, arzon narxlarda sotib olingan undan qolipli non ishlab chiqarmasdan unni bozorlarda sotish orqali mo‘may daromad olinishiga, mahalliy unning aholiga qat’iy o‘rnatilgan davlat narxlarida yetib bormasligiga olib kelgan.

«Ohangaron don» AJ boshqaruvi mansabdor shaxslari tomonidan 2011−2018 yillar davomida aholi ehtiyojlari uchun qolipli non ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan jami 18,6 mlrd so‘mlik un va don mahsulotlari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Shuningdek, «Qoraqalpoq don mahsulotlari» AJ mansabdor shaxslari tomonidan 2018−2019 yillar davomida har bir qopi 87.5 ming so‘mdan sotilishi belgilangan 6 134 qop un mahsulotlarini 110 ming so‘mdan, jami 674,7 mln. so‘mga sotib, 138 mln. so‘m pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi holati yuzasidan 17.10.2019 yilda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yoqilg‘i, energetika va gaz narxining yildan-yilga oshib borishi ishlab chiqarilayotgan un va non tan narxi qimmatlashuviga olib kelmoqda. Xususan, 2017 yilda un ishlab chiqaruvchi korxonalarga 1 kVt soat elektr energiyasi narxi 204,3 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 2019 yilga kelib 450 so‘mni (120,4 foizga oshgan) tashkil qilmoqda.

«O‘zdonmahsulot» AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan va birja savdolariga qo‘yilgan un hajmi iste’molchilar talabiga mutanosib emas. Respublika aholisining 2018 yilda un mahsulotlariga bo‘lgan yillik talabi 3,2 mln tonnani (bir oylik 267 ming tonna) tashkil qilib, respublikada 2,9 mln tonna (92%) un ishlab chiqarilgan (1,5 mln tonnasi «O‘zdonmahsulot» AJ, 1,4 mln tonnasi xususiy ishlab chiqarish korxonalari).


Yoki, joriy yilning noyabr oyi uchun birja savdosiga qo‘yilgan un miqdori 144 ming tonnani (aholi ehtiyojining 54%) tashkil etib, iste’molchilarning unga bo‘lgan 123 ming tonna (46%) qo‘shimcha ehtiyojlari xususiy korxonalar tomonidan un ishlab chiqarish, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va boshqa davlatlardan import qilish hisobiga ta’minlanmoqda.

«O‘zdonmahsulot» AJ tarkibidagi mavjud 44 ta korxonaning o‘rtacha yillik quvvati 2,3 mln tonna un ishlab chiqarishni tashkil etsada, korxonalar to‘liq quvvatda ishlamayotganligi sababli 2018 yilda 1,5 mln tonna (65%) un ishlab chiqarilgan. Oqibatda, «O‘zdonmahsulot» AJ korxonalari tomonidan birja savdolariga qo‘yilishi rejalashtirilgan un hajmi to‘liq ta’minlanmayapti.

Jumladan, joriy yil 23 oktyabr kuni jadval asosida birja savdolariga qo‘yilishi rejalashtirilgan kunlik 6700 tonna un o‘rniga 5785 tonna un (86%) savdoga qo‘yilgan. (24 oktyabr kuni rejaga nisbatan 716 tonna, 29 oktyabr kuni 803 tonna, 30 oktyabr kuni 792 tonna kam un qo‘yilgan).

«O‘zdonmahsulot» AJ tomonidan un ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xarajatlarini 18,9 mlrd so‘mga maqbullashtirish hamda mahsulot tannarxini 10,3 foizga arzonlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lsada, amalda un tannarxining arzonlashishi ta’minlanmagan.

Yuqorida keltirilgan omillarning barchasi birja savdolarida mahalliy un va qolipli non narxining oshishiga olib kelgan, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Avvalroq prezident joylarda non ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish uchun barcha choralarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Qolipli non narxi O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida 2000 so‘mdan ham oshib ketdi.

Davlat rahbari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga un va qolipli non sotib olish uchun qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha tovon pulini to‘lashga ham topshiriq berdi. 1 oktyabrdan uning miqdori 50 ming so‘m etib belgilandi, deya aniqlik kiritdi Bosh prokuratura.