2019-yilning 1-noyabridan boshlab O‘zbekistonda bir qator o‘zgarishlar amalga tatbiq etildi. “Huquqiy axborot” kanali kiritilayotgan o‘zgarishlarni eslatib o‘tdi.

1. Mobil qurilmalar ro‘yxatga olinadi.

O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali 2019 yil 1 noyabrdan bepul, 2019 yil 1 dekabrdan esa pulli asosda ro‘yxatga olinadi.

2. Hisoblagichlar faqat DXM yoki YAIDXP orqali qiyoslovdan o‘tkaziladi.

2019-yil 1-noyabrdan boshlab hisobga olish uskunalarini qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Bunda, hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi:

yuridik shaxslar uchun — 4 yil;

jismoniy shaxslar uchun — 8 yilni tashkil etadi.

3. Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan yoki oilaviy bolalar uyi tashkil etayotgan fuqarolarni tayyorlash maqsadida “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

4. Alkogol mahsulotlarining narxi o‘zgaradi.

2019-yil 1-noyabrdan 1 litr tayyor alkogol mahsuloti (pivodan tashqari) uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narx tegishlicha:

vino — 8600 so‘m va 10200 so‘m (ilgari 8000 so‘m va 9600 so‘m);

konyak — 31 000 so‘m va 36 600 so‘m (ilgari 29 000 so‘m va 34 600 so‘m);

aroq va boshqa alkogolli mahsulotlar — 22 000 so‘m va 26 000 so‘m (ilgari 19 400 so‘m va 23 200 so‘m) etib belgilandi.

5. Suv xo‘jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga 2019-yil 1-noyabrdan 1,1 va 2020-yil 1-yanvardan 1,2 miqdorda tuzatish koeffitsiyentini qo‘llash hisobiga ularning ish haqi oshiriladi.

6. Suv quduqlarini qazish uchun ruxsatnoma tegishli idoralar bilan kelishilgandan keyin beriladi.

2019-yil 1-noyabrdan 2021-yil 31-dekabrgacha Nurota, Qo‘shrabot va Zomin tumanlari doirasida joylashgan konlar hududida suv olish uchun quduqlarni qazishga ruxsatnoma (aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan quduqlardan tashqari) Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi tomonidan mutassaddi idoralar bilan kelishilgan holda beriladi.

7. Yuqori turistik salohiyatli fuqarolar yig‘inlarining ro‘yxati tuziladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi eng yuqori turizm salohiyatiga ega bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari ro‘yxatini shakllantiradi. Shuningdek, ushbu fuqarolar yig‘inlari hududlarida 20 tadan kam bo‘lmagan oilaviy mehmon uylari tashkil etilganda va turistlar uchun kamida besh xil xizmat turlari ko‘rsatilgan taqdirda ularga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” yoki “Turizm ovuli” maqomini beradi.