O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjat o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan imzolandi. 21 oktyabr kuni «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilindi.

Quyidagilar Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;
  • davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
  • davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
  • davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, «O‘zbek tili bayrami kuni»ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
  • ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik ob’ektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish;
  • davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Hukumatga uch oy muddatda yangi tahrirdagi «Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish, uni zamon talablari asosida takomillashtirish topshirildi.

Ikki oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasini tashkil etilishi lozim.

«Ayni paytda dunyoda ilm-fan va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, mamlakatimizning xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengaymoqda. Natijada, hayotimizga chetdan ko‘plab yangi tushuncha, so‘z va iboralar kirib kelmoqda. Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. To‘g‘risini aytish kerak, bu masalada ham oqsoqligimiz bor edi».

Shavkat Mirziyoyev, 2019 yil 21 oktbyardagi nutqidan

2020 yil 1 iyunga qadar quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan 2020−2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalari tayyorlanishi lozim:

  • mamlakat ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish;
  • ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘rgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
  • davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;
  • davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish;
  • davlat tili qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni muntazam va har tomonlama o‘rganish, ularni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
  • mamlakat hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish;
  • davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish.