O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 17 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bekobod shahar ixtisoslashtirilgan san’at maktabining 4 qiz va 1 yigit talabasi bir qizni urib, tan jarohati yetkazgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB ma’lumot berishicha, joriy yilning sentyabr oyidan buyon ijtimoiy tarmoq orqali tanish bo‘lgan Bekoboddagi 11-sonli ixtisoslashtirilgan sanat maktabining 2003 yilda tug‘ilgan o‘quvchi qizlari M.A. va D.Z. o‘rtasida turli kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Kelishmovchilikni bartaraf etish maqsadida D.Z. tanishlari bilan M.A.ni maktab hovlisining holi hududiga chaqiradi va ular gap talashib qolishadi. Natijada ular o‘zaro janjallashib ketishadi. D.Z. M.A.ni bir-ikki marotaba urib, turtib yuborgan vaqtida M.A. muvozanatini yo‘qotib, beton qoplamaga peshonasining chakka qismi bilan yiqiladi. D.Z.ning tanishlari ularni ajratishadi.

Tan jarohati olgan M.A. tanishi bilan Bekobod Markaziy shifoxonasiga boradi.

Shundan so‘ng, 21 sentyabr kuni M.A.ning dugonasi, 2004 yilda tug‘ilgan N.M. uni shifoxonaga ko‘rgani borib, M.A.ning noroziligiga qaramasdan ijtimoiy tarmoq orqali D.Z. va uning tanishi «Nozima» ismli qizning fotosuratlarini «Qidirilmoqda» izohi bilan tarqatgan hamda shaharning jamoat joylari peshtaxtalariga yopishtiradi.

Holat yuzasidan D.Z.ning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 109-moddasida («Qasddan badanga yengil shikast yetkazish») ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa-da, voyaga yetmagani uchun Jinoyat kodeksining 17-moddasiga muvofiq, D.Z. hamda N.M.ning onalari farzandlarini tarbiyalash va ta’lim berish borasidagi majburiyatini yetarlicha bajarmagan, deb topildi. Shu sababdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismiga asosan to‘plangan hujjatlar shahar hokimligi qoshidagi «Voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi»ga yuborilgan.