«Qoraqalpoq Don mahsulotlari» AJning mansabdor shaxslari 6134 qop un mahsulotlarini 87,5 ming so‘m o‘rniga 110 mingdan sotgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, 2018 yil sentyabrdan joriy yil iyun oyiga qadar «X» oilaviy korxonasiga 110 ming so‘mdan hisoblanib, jami 674,7 mln so‘mga sotilgan. Ushbu noqonuniy faoliyat natijasida mansabdor shaxslar 138 mln so‘m pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentyabrdagi 731-sonli qaroriga ko‘ra, bir kilogramm unning chakana narxi 1750 so‘m, 50 kg lik bir qop un esa 87500 so‘m etib belgilangan. Avvalroq ishchi guruhlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda un mahsulotlarini deyarli hech kim davlat tomonidan belgilangan narxlarda sotmayotgani aniqlandi. Xususan, davlat narxida 87,5 ming so‘mdan sotib olib olingan 50 kg lik un qopini bozorlarda 110−150 ming so‘mdan, ya’ni bir kilogramini 2200 so‘mdan 3000 so‘mgacha narxda sotilgan. Non ham 1100 so‘mdan sotilishi kerak bo‘lgan holda 1300 so‘m va undan yuqori narxdan sotilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan «Qoraqalpoq Don mahsulotlari» AJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.