16 oktyabr kuni Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlariida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta’qiqlangan «Xizb ut-Taxrir» diniy-ekstremistik tashkilotining bir guruh a’zolari jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslarning aksariyati muqaddam «Xizb ut-Taxrir» diniy-ekstremistik tashkilotiga a’zo bo‘lganliklari uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan, biroq ular aholi orasida noqonuniy targ‘ibot olib borib, «Xizb ut-Taxrir» DET g‘oyalarini tarqatganlar. Shuningdek, ular ekstremistik g‘oyalaridan voz kechgan, muqaddam jazo muddatini o‘tab chiqqanlarni ham qayta jinoyat sodir etish yo‘liga chorlaganlar.

Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, «Xizb ut-Taxrir» diniy ekstremistik tashkiloti 1953 yilda Falastin davlatida Taqiyuddin Nabixoniy tomonidan asos solingan bo‘lib, maqsadi — dastlab musulmon mamlakatlarida, keyinchalik esa butun dunyoda yagona Xalifalik davlatini o‘rnatishdan iborat.

Bugungi kunda ushbu tashkilotning faoliyati Rossiya, Germaniya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari va yana bir qator mamlakatlar hududida ta’qiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan «Xizb ut-Taxrir» diniy ekstremistik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.