O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14−15 oktyabr kunlari Bokuda bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) yettinchi sammitida ishtirok etadi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etayotgan Vengriya hamda Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari Turkiy kengash doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan masalalarni muhokama qiladilar.

Sammitda Turkiy kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekistonning to‘la huquqli a’zo sifatida Tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti qabul qilinadi.

Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.

Prezident Bokuga tashrifi doirasida sammitda ishtirok etadigan delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.