O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Qarshi tug‘uruq majmuasi bosh vrachi Salim Ochilov, uch nafar shifokor va hamshiraning vazifasidan ozod qilingani haqida xabar qildi. Avvalroq tug‘uruqxona majmuasi xodimlarining bemorlardan ta’magirlik qilish holatlari haqida berilgan tanqidiy videolavha tarqalgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rganishlari mazkur holat haqiqatan ham Qarshi shahar tug‘ruq majmuasida ro‘y berganini tasdiqladi. Ayni paytda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ham mazkur vaziyat o‘rganilmoqda.

Vazirlik videoda tilga olingan ona va bola salomatligini alohida nazoratga oldi.Bundan tashqari, majmuaning mutasaddi rahbarlariga xodimlarni korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari to‘g‘risida qat’iy ogohlantirish topshirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi holatlar butun tibbiyot tizimiga nisbatan odamlarda ishonch va ixlosni yo‘qotishini ta’kidladi. «Tizimda bunday xodimlar ishlashiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deyiladi bayonotda.

Vazirlik fuqarolarni tibbiyot muassasalarida bunday muammolarga duch kelinganida, har bir shifoxonadagi, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 raqamli «Ishonch telefoni»ga bog‘lanib, xabar berishni so‘radi.