O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati juma kuni bo‘lib o‘tgan 23-yalpi majlisda yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Qonunda Markaziy bankning huquqiy maqomi, asosiy faoliyat maqsadlari, vazifalari va vakolatlari, uning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalari belgilandi. Hujjatga muvofiq, Markaziy bank Senatga hisobdor va parlament yuqori palatasi MBning yillik hisobotini auditorlik tashkilotlari xulosalari bilan birga ko‘rib chiqadi.

Hujjatda qayd etilishicha, Markaziy bank o‘z qo‘l ostidagi tashkilotlardan tashqari uchinchi shaxslarga moliyaviy yordam ko‘rsatish, tijoriy faoliyat olib borish, uchinchi shaxslar, jumladan O‘zbekiston hukumati majburiyatlari bo‘yicha kafolat berish, valyuta birjalari kapitallarida qatnashishni istisno qilgan holda bank va kompaniyalar, shuningdek, Markaziy bank faoliyatini ta’minlovchi o‘z qo‘l ostidagi tashkilotlar kapitallarida ishtirok etish huquqiga ega emas (avval Xalq banki va «Mikrokreditbank» istisno qilingan edi).

Narxlar, bank tizimlari va to‘lov tizimlari barqarorligini ta’minlash MBning asosiy vazifalari etib belgilandi (avval faqatgina milliy valyuta barqarorligini ta’minlar edi). Markaziy bankning bank tizimlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha faoliyati narxlar barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak, deyiladi yangi qonunda.

Bundan tashqari, Markaziy bank endilikda O‘zbekiston hukumati, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga kreditlar yoki moliyaviy yordam taqdim etmaydi, jumladan byudjet taqchilligini moliyalashtirmaydi. Hukumatni moliyalashtirish maqsadida kredit ajratish asossiz xarajatlarni keltirib chiqarishi sababli iqtisodiy muvozanatni buzishi mumkin. Natijada bu inflyatsion bosimni keltirib chiqaradi, deyiladi hujjatga berilgan sharhda.

Hujjat shu vaqtga qadar bankir, hukumatning maslahatchisi va fiskal agenti, monetar siyosat va valyutani boshqarish sohasidagi siyosatni shakllantirish, qabul qilish va amalga oshirish bo‘yicha konsultanti sifatida faoliyat olib borgan Markaziy bankning vazifalari kengaytiradi. Endilikda Markaziy bank:

  • pul-kredit, jumladan valyuta siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • O‘zbekistonda inflyatsiyani monitoring, tahlil va prognoz qiladi, tegishli axborotlarni va statistik ma’lumotlarni e’lon qiladi;
  • bank, pul-kredit statistikasi, tashqi sektor, jumladan O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro sarmoyaviy pozitsiyasi, tashqi qarzi va zaxira aktivlari statistikasini shakllantiradi va e’lon qiladi;
  • har yili hukumatga davlat byudjeti loyihasini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan iqtisodiy va moliyaviy masalalar bo‘yicha axborotlarni taqdim etadi;
  • naqd pul muomalasini tashkil etadi;
  • valyutani boshqarish va valyutani nazorat qilish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi;
  • xorijiy valyutalarning milliy valyutaga nisbatan kursini (Markaziy bank kursi) o‘rnatadi va e’lon qiladi;
  • banklar va kredit byurolarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;
  • banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari va qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalaydi, shuningdek, kredit tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari va bank guruhlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
  • hukumatning fiskal agenti vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan bank operatsiyalari va boshqa shartnomalarni mustaqil yoki topshiriq asosida amalga oshiradi;
  • to‘lov tizimlari faoliyati barqarorligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘radi;
  • Markaziy bank tomonidan litsenziyalanuvchi tashkilotlarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishini moliyalashtirish bilan bog‘liq axborotlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish bo‘yicha ichki nazorat va tartiblarga rioya etilishini monitoring va nazorat qiladi.

Bundan tashqari, yangi qonunga muvofiq, Markaziy bank ustav kapitali 2 mlrd so‘mdan 1 trln so‘mga qadar oshirilmoqda.

Qonun manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyadan ogohlantirish to‘g‘risidagi moddalar bilan ham to‘ldirildi.