8 oktabr kuni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov AQSHning Michigan universiteti professorlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

Michigan universiteti urologiya fakulteti dekani o‘rinbosari, professor Hafiz Xalid, xirurgiya fakulteti yuz-jag‘ xirurgiyasi kafedrasi rahbari, dotsent Brend Vard, universitet qoshidagi C. S. Mott Childrens Hospital dotsenti, pediatriya mutaxassisi Sheyn Kinones, hamda anesteziologiya kafedrasi dotsenti Alisher Dadabayevlardan iborat delegatsiya bilan bo‘lgan uchrashuvda Namangan viloyati hamda ushbu universitet o‘rtasida tibbiyot sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Mehmonlar tibbiyot va farmatsevtika sohasida O‘zbekistonning eng rivojlangan viloyati bo‘lishga intilayotgan Namanganda bu sohada olib borilayotgan ishlar, xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar hamda Namangan shahrida sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi haqida ma’lumot oldi.

Namangan viloyati tibbiyot boshqarmasi hamda Michigan universiteti o‘rtasida keng qamrovli hamda doimiy hamkorlik qilish borasida kelishuvga yerishildi.

Michigan universiteti vakillari Namangan shahrida tashkil etilgan ilmiy-tibbiy anjumanda ishtirok etdi hamda ma’ruza qildi. Shuningdek AQSHlik mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘rik hamda jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.