O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni ayollarning ro‘mol o‘rashiga qarshi davom etayotgan muhokamalarga nisbatan munosabat bildirdi.

Yekaterinburgda o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan bokschilar va murabbiylarga davlat mukofotlarni topshirish marosimida davlat rahbari Farg‘ona viloyati hokimi va senator Shuhrat G‘aniyevning nomaqbul so‘zlari internetda keltirib chiqargan bahs-munozaralardan xabardor ekanini ko‘rsatib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda turli masalalar ko‘tarilyapti, — dedi u sportchi Mirazizbek Mirzaxalilovning ro‘mol o‘ragan onasiga murojaat qilar ekan. — Qanday yarashadi o‘zbekona ro‘mollar, Qanday yarashadi o‘zbekona kiyinishlarimiz!»

«Shu turishingiz muqaddas o‘zbek onasi timsoli. Mehrli onamiz, singillarimiz mana shunday yurishiga hech kim hech qachon qarshi bo‘lmaydi O‘zbekistonda», — dedi prezident.

Mana hammamizning buvilarimiz o‘tgan, hayot onalarimiz bor, ularning kiyinishiga qarab hammamiz havas qilamiz, men ham siz bilan mana shunday o‘g‘il tarbiyalaganingiz uchun, siz bilan samimiy ko‘rishganimdan baxtiyorman. Siz baxtiyor onasiz, men baxtiyor prezidentman siz orqali", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuhrat G‘aniyev o‘z so‘zida xotin-qizlar orasida kiyinish, ro‘mol, hijob madaniyatiga rioya etmayotgan jami 851 nafar xotin qizlar aniqlangan. «Ularda tushuntirish ishlari olib borilib, 300 tasining tashqi qiyofasi va kiyinish madaniyatini o‘zgartirishga erishildi», — deb qo‘shimcha qilgan edi hokim.

Bundan tashqari, hokimga jurnalist ayolning O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha eksperti Diyego Garsiya-Sayanni kutib olish uchun aeroportga ro‘mol va rangli ko‘ylakda chiqqani ham yoqmagan.

Dushanba kuni Oliy Majlis Senatida o‘tkazilgan Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida komissiya a’zolari Shuhrat G‘aniyevning xatti-harakatlarini tanqid ostiga oldi. Senat rahbari Tanzila Norboyevaning taklifi bilan unga uch oylik sinov muddati bilan birga qat’iy ogohlantirish berildi.