Farg‘ona viloyati hokimiyati matbuot xizmati dushanba kuni e’lon qilgan bayonotda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning erkaklarning soqol qo‘yishi va ayollarning ro‘mol o‘rashi haqidagi so‘zlariga qarshi xorijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikr va izohlarni o‘rganib, tegishli xulosalar chiqargani ma’lum qilindi. Avvalroq BBC va «Ozodlik»da hokimning u qatnashgan yig‘ilishlarda ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa uning ro‘molini o‘sha tuman hokimining og‘ziga tiqib qo‘yish bilan tahdid qilgani aks etgan audioyozuv e’lon qilindi.

Hokimiyat axborot xizmati audioning «ishchi yig‘ilish»da yozib olinganini tasdiqlab, notiqning so‘zlaridan o‘zgacha ma’no izlab, buzib talqin qilish hollari ro‘y berayotganini ta’kidlaydi.

Shuhrat G‘aniyevning so‘zlari jamoatchilikning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va blogerlar onalari hamda buvilarining ro‘mol o‘rashini ta’kidlab, bu kabi so‘zlarga toqat qila olmasliklarini bayon etishmoqda. Ular hokimning zudlik bilan iste’foga chiqishini ham talab qilishmoqda.

Oliy Majlis Senati rahbari Tanzila Norboyeva dushanba kuni Facebook`da Shuhrat G‘aniyevning xatti-harakatlari keng omma orasida salbiy e’tirozlarga sabab bo‘layotgani munosabati bilan bugun Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Hokim nima degan edi

O‘tkazilgan sanasi noma’lum bo‘lgan yig‘ilishning asosiy mavzusi diniy tashviqot va maktab ta’limi bo‘lgan. Yozuv erkaklarning soqol qo‘yishi masalasini muhokama qilish bilan boshlanadi. Shuningdek, avvalroq qabul qilingan qaror (nomi aniq emas) ijrosi to‘g‘risida ham gapiriladi.

«Qaror ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida 1249 nafar fuqarolarning beo‘xshov soqol qo‘yish holatlari aniqlandi. Qarordan to‘g‘ri xulosa chiqarildi. Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlarida, Farg‘ona, Buvayda tumanlarida beo‘xshov soqol qo‘yish holatlari keng avj olgan. Viloyat hokimi xotin-qizlar orasida kiyinish, ro‘mol, hijob madaniyatiga rioya etmayotgan jami 851 nafar xotin qizlar aniqlangan. Ularda tushuntirish ishlari olib borilib, 300 tasining tashqi qiyofasi va kiyinish madaniyatini o‘zgartirishga erishildi», — deydi hokim.

So‘ngra Shuhrat G‘aniyev tuman hokimlariga tahdid qilishga o‘tadi: «Hurmatli hokimlar, eshitib olinglar. Birortang majlis qilsang, man borsam o‘sha kiyimda o‘tirgan ayol kishini ko‘rsam. Mahalla raisimi u, o‘qituvchimi u, jamoatchimi u, deputatmi u o‘sha ro‘molini olib og‘zingga tiqib qo‘yaman!».

Viloyat ma’muriyati rahbari ayollar bunday kiyimlarni qayerdan olayotganini so‘raydi. Javob tariqasida ayol kishining «Bozorlardan», degan javobi eshitiladi.

«Qayerdan olib kelyapti o‘sha kiyimni. Savdoda sotayotgan bo‘lsa, nimaga o‘sha savdoda sotayotganni O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi bilan kiyinish libosiga qonunni buzgan, deb menga ro‘yxatini olib kelib bering», — deydi u.

Shuhrat G‘aniyev ijtimoiy tarmoqlarga kiruvchilarning taqdiri qanday bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

«Oldin Feysbukka kiradi, Feysbukdan keyin „Tablig‘i jamoat“ deganiga o‘tadi. „Tablig‘i jamoat“ degani, jamoat bo‘lib yashash deydi. Erkak erkak bilan yashaydi. Uning hech qanaqangi Islomga, muqaddas dinimizga aloqasi yo‘q uning. Ular gazandalar. Undan keyin anunga o‘tadi, „Jabhat an Nusratiya“ degani bor, pa’daringga la’nat», — deydi u.

Shuhrat G‘aniyev bir necha kun oldin Marg‘ilondagi shifoxonalarning birida oq yaktak-ishton va oq do‘ppi kiyib olgan bemorni qanday qilib quvib solganini aytib bergan yig‘ilganlarga.

Viloyat hokimi Quva tumanida qo‘shma korxona ochgan turkiyalik sarmoyadorga soqolini olish haqida gapirganini ham aytib o‘tgan.

«Men aytdim, yaxshi qo‘shma korxona ochibsizlar, rahmat. Lekin bunaqa soqolni qo‘yib olmanglar. Chet ellik mehmon, lekin bu shu yerda faoliyat yuritib tirikchilik qiladigan bo‘lsa, O‘zbekiston qonunlariga bo‘ysinishga majbur bo‘ladi va soqolini olamiz biz. Turkiya Respublikasi fuqarosini. Shunday dedimmi?» — deydi u Quva tumani hokimiga

Quva tumani hokimi viloyat hokimining gapini tasdiqlab, undan so‘ng o‘zlari yana gaplashib olganini ta’kidlaydi.

Viloyat hokimi ikki kun oldin Marg‘ilon shahrida «Ipakchi» bozorida avtoturorgohni boshqarayotgan tadbirkorning soqolini qanday oldirganini gapirgan.

«Katta avtostoyankani bittasi boshqaryapti. Soqolni qo‘yib olgan. Boshiga shialarning do‘ppisini kiyib olgan. Avtostoyankada turibdi. Shaharni hokimini chaqirdim. Gapir nima bo‘lganini», — deydi Shuhrat G‘aniyev.

Shunda Marg‘ilon shahar hokimi turib soqolli erkakka tushuntirib, soqolini olishgani haqida hisobot beradi.

«O‘sha „Ipakchi“ bozori rahbarini almashtirishing kerak edi o‘sha kuni. Nimaga olmading. Olib tashlang uni bozordan. Padariga la’natni o‘zini olib kirib tiqib tashlang», — deydi Shuhrat G‘aniyev.

Hokim Farg‘ona viloyat hududidagi bozor-savdo komplekslarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning, taksi haydovchilarning tashqi qiyofasi, hududdagi tashqi reklama bannerlariga hudud mutasaddilari, hokimlar yetarli darajada e’tibor qaratmayotganini ta’kidladi.

«Masalan, transport boshqarmasi, yo‘l tashkiloti uyushmalari, Farg‘onagazta’minot, Madaniyat boshqarmasi, Yer-mulk kadastr xizmati, Qo‘qon Pedagogika instituti. Tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali, Farg‘ona shahar tomonidan ichki tartib qoidalar ishlab chiqilmagan».

Viloyat hokimi kunlik ma’lumotlarga asosan Rishton tumani Bo‘ston qishlog‘ining «Baraka» bozorida diniy adabiyotlar bilan shug‘ullanayotgan savdo shohobchalarining mavjudligi aniqlanganini aytgan. Unga ko‘ra, tadbir davomida ruxsat etilmagan, maxsus gologrammasiz diniy adabiyotlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan 3 nafar shaxslar aniqlanib, ulardan 190 dona davlat to‘ntarishi qiladigan kitoblar musodara qilindi.

«Rishtondagi nomardlar, shunaqa kitoblar tarqatasan urug‘ingga o‘t tushib ketsin sen Rishtondagi… Urug‘ingga o‘t tushib ketadi sen nomardlarni. Qani tur, hov Rishtonning hokimi?», -deya tuman hokimiga dakki bergan G‘aniyev. U Mahalla raisi hammasini ishdan olib tashlashni va ularni 5 sutkaga qamashni buyurgan.

«Ichki ishlar va sudyalarni ham chaqirib, hurmatli hokim. Mahalla fuqarolar raisini ham besh sutkaga jarima qilib qamaysizlar. Bunaqa mahalla raisi ham kerakmas, posponi ham kerakmas. Rishtonning xotin-qizlar qo‘mitasini ishdan olib tashlanglar». U prokurorga kitob sotishda ayblanayotgan 3 nafar ayolning hammasidan tushuntirish xati olib, jarima solishni aytgan.

Bundan tashqari, hokimga jurnalist ayolning O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha eksperti Diyego Garsiya-Sayanni kutib olish uchun aeroportga ro‘mol va rangli ko‘ylakda chiqqani yoqmagan.

Viloyat hokimi tashqi reklamalarda unga yoqmagan jihatlarni ham sanab o‘tgan. U nafaqat ro‘molli, soqolli, balki shimlari yirtilgan reklamalarni ham tanqid qilgan.

«Zamonaviy kiyimlarni reklama qilishga mo‘ljallangan reklama bannerlari va plakatlarda milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lmagan tashqi ko‘rinishda, soqol bilan, hijobda turli joylari yirtilgan yoki yamoq solingan. Yo bo‘yniga allambalo temirlar taqqan shaxslar aks ettirilgan reklamalar ketyapti».

U viloyatdagi tashqi reklama bilan shug‘ullanadigan uch firmagan 300 milliondan so‘mdan jarima solish topshirig‘ini bergan.

«Hozir uchchovini chaqirasan-da, tushuntirish xati olib, uchchala tashkilot har biri 300 milliondan 900 million so‘m jarima solasan. Qonuniy jarima solasan», deydi viloyat hokimi. U mas’ul shaxsga bozorlardagi tadbirkor, do‘kondor — hammadan tilxat olishni buyurgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan: yurish, turish, kiyinish, ovqatlanish, yashash, oila qurish, farzand ko‘rish, farzand tarbiyalash, hayot kechirish tadbirlar o‘tkizish qonunlar bor. O‘sha qonunlardan chiqmaslik kerak. Tamom», — deydi hokim.

U bu kabi odamlarni olib kirib qamashni tavsiya qiladi.

«Olib kirib qamash kerak bularni. Yo bozorga sartarosh olib borib bittadan yurib sochini olib, soqolini olib boshiga O‘zbekiston Respublikasi milliy qadriyatlariga mos bo‘lgan qalampir nusxa do‘ppiini kiygizib qo‘yaylikmi? Nimaga hech kim indamaydi?», deya o‘tirganlarga yuzlanadi u.

Viloyat hokimi chaqaloqqa «to‘g‘ri» ism qo‘ymayotgan ota-onalarni ham tilga olgan. Ularning orasida Messi va Ronaldular ham bor. «Chaqaloqlarga buyuk ajdolarimiz ismlarini qo‘yish o‘rniga, bolalarga, yangi tug‘ilgan go‘daklarga boshqa millat vakillarining, terroristik tashkilot rahbarlarining ismini qo‘yish holatlari — bu fakt. Usoma degan ot qo‘ygan. Mujohid degan ot qo‘ygan. Foruq degan ot qo‘ygan. Messi degan ot qo‘ygan, Ronaldu degan ot qo‘ygan».

Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma beradigan tashkilotlardan bu ismlarni o‘sha vaqti o‘zgartirish talabini qo‘ydi hokim.

Undan keyin viloyat ma’muriyati rahbari yoshlarning soch turmaklariga e’tibor qaratadi: «Sartaroshxonadan chiqyapti bolalar, Sochi butunlay boshqacha qilingan. O‘zbek odamning, mo‘min-musulmon odamning sochi emas. Boladan so‘rayapmiz mana. Kimning sochi bu? Bu Rossiyada, Sankt Peterburgda shunaqa soch qo‘yishadi, deydi». Hokim o‘zi ko‘rgan soch turmagining Gollandiyadagi geylarga oid ekanligini tushuntirib bergan.

«Vaholanki, u sochning pricheskasi besoqolbozlar qo‘yadigan Gollandiyadagi pricheska. Agar boshida, o‘rtasida soch qolib ayollarnikiga o‘xshab turmaklanmagan bo‘lsa, o‘ralmagan bo‘lsa, u erkagi bo‘ladi. Agar erkak kishi bo‘lsa, sochini turmaklab olsa u ayol hisoblanadi. Padaringga la’nat.»

Hokim o‘z o‘rnida sobiq Ittifoqni ham eslab o‘tgan. Ta’kidlashicha, u vaqtda oddiy holatlar uchun ham odamlar tergovga jalb qilingan.

«Davlat idorasida ishlab turib Juma namozi, hayit namoziga borganlar tergovga jalb qilinib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Hozir bizning viloyatimizda 198 ta masjid faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, unda Farg‘ona viloyatida bor yo‘g‘i 6 ta masjid faoliyat yuritgan. Bu nima — to‘qlikka sho‘xlikmi?», deydi u.

Shuhrat G‘aniyev avval ham nomaqbul so‘zlari uchun tanqidlarga duch kelgan edi. O‘tgan yilning boshida Qozog‘istondagi avtobus yong‘inida bir necha qurbonlar bergan Toshloq tumani aholisini haqoratlab, Farg‘ona viloyatini sharmanda qilganlikda ayblagan edi.

O‘tgan hafta Qo‘qon (Farg‘ona viloyati) hokimiyatida esa ro‘mol o‘raydigan o‘quvchilar ro‘yxati tuzilgani tasdiqlangan edi. Bunda shahar ma’muriyati bunda hech qanday yomon narsaning yo‘q ekani, ro‘yxat taqiqlangan tashkilotlar tashviqotidan o‘quvchilarni saqlash uchun tuzilganini ma’lum qildi.

Avgust oyi oxirida Toshkentdagi «Malika» savdo majmuasida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari reyd o‘tkazib, o‘nlab erkaklar IIBga olib ketilgan, u yerda ularning soqollari majburan qirdirilgan edi. Poytax IIBB buni ayrim fuqarolarga qiyofasini biometrik pasportdagi fotosuratlarga mos holga keltirish tavsiya etilgani bilan izohladi.