Xalq banki" Bo‘ka filiali boshqaruvchisining birinchi o‘rinbosari Z.X. tumandagi «M-B» dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan muhr, shtamp va boshqa hujjatlarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, soxta hujjatlar bilan jami 7,1 mlrd so‘mlik tovar aylanmasini amalga oshirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Bo‘ka tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Z. X. akasi V. X. bilan 1,3 mlrd so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.

Shuningdek, Z.X. mansab vakolatini suiiste’mol qilib, onasi va amakisi nomiga 15 mln so‘mdan jami 30 mln. so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirib, mazkur pul mablag‘larini «M-B» dehqon xo‘jaligi hisob-raqamiga o‘tkazib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, Z.X. va boshqalar 317,7 mln so‘m pul mablag‘larini moliyaviy yordam sifatida turli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘tkazib naqdlashtirib olganligi, AT «Xalq banki»ning lotoreyalarini olish uchun «M-B» dehqon xo‘jaligi hisobidan 141,4 mln so‘mni o‘tkazib, lotoreyalarni bozorlarda naqd pulga sotganligi aniqlanib, jami 459,1 mln so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan, avtomashina sotib olish uchun olingan kredit to‘lovlarini to‘lashga va turar joy sotib olishga sarflab, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganlar.

Mazkur holatlar yuzasidan Z.X. va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi, 168-moddasi, 179-moddasi, 209-moddasi va 243-moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.