23 sentyabr kuni o‘zbek kinosiga bag‘ishlangan forumda Umid Hamdamovning «Issiq non» to‘liq metrajli badiiy filmi Oskar mukofotiga O‘zbekiston nomidan ilgari surilishi to‘g‘risida e’lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, 21 sentyabr kuni O‘zbekiston milliy kinokomissiyasida Oskar mukofotining «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominatsiyasiga o‘zbek kinoijodkorlaridan taqdim qilingan filmlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalarda Abduhalil Mingnorovning «Imom Termiziy», Rihsiboy Muhammadjonovning «Qor yog‘moqda, oppoq qor», Abduvohid G‘aniyevning «Elparvar», Umid Hamdamovning «Issiq non», Zulfiqor Musoqovning «Berlin-Oqqo‘rg‘on» hamda Ilhom Muhammadibrohimovning «Parvoz» deb nomlangan filmlari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Amerika kinematografiya san’ati va fani akademiyasi O‘zbekiston Oskar qo‘mitasini ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi O‘zbekiston Oskar qo‘mitasining koordinatsion markazi hisoblanadi.

1 oktyabr kuni esa O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tomonidan 2020 yilning 9 fevral kuni Los-Anjeles shahrining mashhur Dolby teatrida bo‘lib o‘tadigan 92-«Oskar» taqdirlash marosimining «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominatsiyasiga O‘zbekiston nomidan film ilgari suriladi.