Jangarilar tomonidan 15 sentyabr kuni ertalab shimoliy Bog‘lon provinsiyasida ikkita elektr uzatish liniyasining ikki ustuni portlatilgani sababli O‘zbekistondan Afg‘onistonning 11 ta provinsiyasi, jumladan Kobulga elektr energiyasi importi keskin qisqardi, deya xabar qildi TOLOnews telekanali.

Ushbu elektr energiyasining katta qismidan Kobul sharqidagi sanoat zonalaridagi fabrikalardan foydalaniladi. Poytaxt aholisi hukumatni bu kabi holatlarni bartaraf etish uchun zarur infratuzilmalarni yaratish layoqatiga ega emasligida ayblamoqda, deya qayd etdi telekanal.

Aprelda jangarilar Turkmanistondan elektr energiyasi yetkazib berilayotgan elektr uzatish liniyasiga zarar yetkazgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qariyb 200 kilometrlik «Surxon — Puli-Humri» elektr uzatish liniyasi qurilishiga 45 mln dollar ajratadi. Loyihaning umumiy qiymati 110 mln dollarga baholanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida «ol yoki to‘la» tamoyili bo‘yicha 10 yil muddatga energiya yetkazib berishga shartnoma imzolaydi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi Afg‘onistonda elektr uzatish tarmoqlari (tarmoq ustunlari) portlatilgani haqida Afg‘onistondagi xaridorlardan hech qanday ma’lumot yoki xabar kelib tushgani yo‘qligi haqida xabar qildi. Amaldagi shartnoma asosida Afg‘onistonga uzulishlarsiz elektr energiyasi yetkazilib bermoqda (1 sutkada taxminan 1,5 mln. KVt/soat).

Ayni paytda, kompaniyaning qayd etishicha, 14 sentyabr soat 14:00dan keyin O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzatilayotgan energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro‘y bergan. Bu odatdagida qariyb 3 marta kam ekanligi qayd etilgan.

«Ayrim sabablarga ko‘ra ta’minoti uzilgan elektr tarmog‘i, taxminimizcha, Afg‘oniston iste’molchilari Tojikiston Respublikasidan xarid qiladigan havo liniyalarida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar ushbu taxmin to‘g‘ri bo‘lsa, tojikistonlik va afg‘onistonlik mutaxassislar ta’mirlash ishlarini qachon va qay tartibda amalga oshirishidan bexabarmiz», — deyiladi xabarda.