2019 yil 9 sentyabrda soat taxminan 04:30 larda Namangan tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksiga qarashli binoning orqa xovlisidan fuqaro D.X. (1996 y.t.) va M.T.(1997 y.t.)ning 2019 yil 2 sentyabrda tug‘ilgan qiz chaqaloqlari tirik holda topilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, biroq, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan chaqaloqlar vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, 2019 yil 9 sentyabrda soat taxminan 03:30 larda fuqaro D.X. 2019 yil 2 sentyabrda tug‘ilgan farzandini oldiga kirib, uni oyog‘i notekis (nuqsonli) tug‘ilganligidan achchiqlanib, undan qutilish maqsadida o‘z chaqalog‘i bilan birgalikda, kelgusida sodir etayotgan qilmishi fosh bo‘lib qolishini oldini-olish maqsadida shu xonada yotgan M.T.ning qiz chaqalog‘ini ham olib, deraza oynasi orqali ularni tug‘ruq kompleksining 2-qavatidan pastga uloqtirib yuborgan. Oqibatda ikki chaqaloq og‘ir tan jarohatlari olgan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 9 sentyabrda tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro D.X.ga nisbatan JKning 97-moddasi 2-kismi «a,v» bandlari hamda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq kompleksi mas’ul shaxslariga nisbatan 116-moddasi 4-kismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. D.X. protsessual tartibda ushlangan.

Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.