Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov joriy yilning 6−7 sentyabr kunlari Namangan tumanidagi maktablarda «Vazir soati» tadbirini o‘tkazdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga. Tuman hokimi va OTM rahbarlari hamrohlik qilgan tadbirda «Oila-mahalla-maktab-oliy o‘quv yurti» hamkorlik modeliga asos solindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ota-onalarning, boshqa oila a’zolarining bola ta’limida ishtiroki mazkur bolaning maktab dasturini o‘zlashtirishiga ijobiy ta’sir qilishi isbotlangan. O‘z navbatida, kelajakda oliy ta’lim muassasasidan o‘qishni rejalashtirgan, o‘z oldiga «oliy ma’lumotli bo‘laman» degan maqsadni qo‘ygan o‘quvchilarning ham baholari balandroq, bilim darajasi yuqoriroq bo‘lishi tadqiqotchilar tomonidan aniqlangan.

Shu bilan bir qatorda, turli ijtimoiy-iqtisodiy toifalardagi oilalarning farzandlarining o‘zlashtirish darajasi turlicha bo‘lishi kuzatilgan. Ya’ni, ziyoli, o‘ziga to‘q oilalarning farzandlari yaxshiroq o‘qisa, kam ta’minlangan oilalar farzandlarining o‘qishi oqsashi holatlari uchraydi. Aynan shu holatlarda «Oila-mahalla-maktab-oliy o‘quv yurti» hamkorligining «mahalla» bo‘g‘ini vaziyatning ijobiy tomonga o‘zgarishiga yordam beradi. Shuningdek, maktablarning oliy ta’lim muassasalari bilan aloqa o‘rnatishi bolalarning bilimlarini mustahkamlashga ko‘maklashadi, ularni muayyan fan yo‘nalishlariga qiziqishlarini shakllantirishga zamin yaratadi.

Ibrohim Abdurahmonov Namangan tumanidagi maktablarga tashrifi chog‘ida o‘z bolaligi haqida gapirar ekan, yoshlikdagi kuzatuvchanlik, tirishqoqlik, bilimga chanqoqlik o‘z natijasini berishini qayd etdi.

«Tuman markazidan ancha uzoq qishloqda yashaganimiz uchun uyimizdan 3−4 kilometr uzoqdagi maktabga har kuni piyoda borib kelishimizga to‘g‘ri kelardi. — deb xotirladi vazir. — Tuman markaziga borish esa bir bayram edi. Shunday bo‘lishiga qaramay ko‘p o‘qish, izlanish ortidan tuman olimpiadasidan respublika olimpiadasigacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tib, umumittifoq olimpiadalarda qatnashish imkoniyatini ham qo‘lga kiritdim. Keyinchalik oliy o‘quv yurtida o‘qidim, xorijning yetakchi universitetlarida ta’lim olib, Butunjahon fanlar akademiyasi akademikigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim. Bularning barini gapirayotganim sabab, sizlarda o‘zingizga bo‘lgan ishonchni orttirish, o‘qish va bilim olishda g‘ayratli va shijoatli bo‘lishingizga undashdir. Har biringizning qoningizda buyuk bobolarimizning genlari bor, ularni uyg‘otish, genlarni «ishlatib» yuborish o‘zingizga, mehnatkashligingizga bog‘liq. Ulug‘ yurt farzandlari ekaningizni va bu yurtni gullab, yashnashi sizlarga bog‘liq ekanini unutmang!

Uchrashuv so‘ngida esa vazir maktablarga Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Innovatsion to‘plam"lar taqdim etdi, shuningdek, Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash «Ulug‘bek» jamg‘armasi bilan hamkorlikda kitoblar sovg‘a qilindi.