Samarqanddagi Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorrahasida avtomobil transporti va tramvaylar uchun tunnel qurilishi boshlandi. Loyiha qiymati 67,73 mlrd so‘mni tashkil etadi, deya xabar qildi shahar hokimiyati matbuot xizmati.

Samarqand ma’muriyai ma’lumotlariga ko‘ra, ob’ekt 2022 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga tayyorgarlik doirasida bunyod etilmoqda.

Tunnel Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab o‘tadi. Yer osti yo‘l o‘tkazgichining umumiy uzunligi 534 metr, tunnelning o‘zi esa — 93 metr bo‘ladi. Tunnel ustidan o‘tgan chorrahada doirasimon harakat ta’minlanadi.

Namoyish qilingan loyiha eskizlaridan ko‘rish mumkinki, Ro‘dakiy ko‘chasida harakatning har bir tomoni besh qatorli bo‘lib, ularning uchtasi, jumladan har bir tomondan tramvay yo‘li bilan aralash bittadan qator tunnel orqali o‘tadi.

Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab kengligi 6 metr bo‘lgan piyodalar yo‘laklari ham 3 metr chuqurlikda yer ostidan o‘tadi.

Qurilish ishlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining «Ko‘prikqurilish» tresti tomonidan amalga oshiriladi.

Qurilishda 14750 kub metr yig‘ma va monolit temirbeton ishlatiladi. Bunda, 7375 tonna sement, 3130 tonna armatura, 78,5 tonna metall prokat ishlatiladi.

Bunyodkorlik ishlari boshlangani munosabati bilan shahar hokimi chorrahada transport harakati, jumladan «Vokzal-Siyob bozori» yo‘nalishidagi tramvay harakatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.