6 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Rustambek Karimov (Rustam Karim — 1975 y. t.) va To‘lqin Astanovga (1971 y. t.) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Orif Qilichev raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Rustam Karim va To‘lqin Astanov joriy yilning 8 aprel kuni O‘zbekiston Musulmonlar idorasida bezorilik qilganlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Toshkent IIBB bu ikki shaxsning Facebook ijtimoiy tarmog‘ida diniy idora raisi «sha’niga putur yetkazuvchi postlar qoldirgan"ini ham ma’lum qildi.

Rustambek Karimov Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 1-qismi, To‘lqin Astanov Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Bugungi sud majlisida sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi. Sud jarayoni davom etmoqda.

Keyingi sud majlisi 9 sentyabr kuni soat 14.30 bo‘lib o‘tadi.