Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi «Rishton» chegara bojxona posti barcha fuqarolar hamda yengil avtomashinalarni harakatlanishlari uchun 30 avgustdan boshlab ishga tushdi, deya xabar qildi O‘zA.

Ochilish marosimida so‘z olgan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev hamda Botken viloyati gubernatori Rustam Madumarov va boshqalar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar kengayib borayotgani, xususan, chegara hududlarida ko‘plab muammolar amaliy hal etilayotganini ta’kidlashdi.

«Rishton» bojxona chegara posti shu kunga qadar faqatgina Rishton tumani hamda Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani fuqarolarining piyoda harakatlanishlari uchun ochiq edi.

«Ayniqsa, mazkur bojxona chegara postining ochilishi So‘x tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratmoqda. Tuman aholisi uchun yaqin yo‘l bo‘lgan bu bojxona chegara posti 7 yil oldin yopilgan bo‘lib, so‘xliklar viloyat markaziga kelishi uchun uzoq yo‘l bosib, soatlab vaqt sarflab, „Vodil“ bojxona chegara posti orqali qatnardi. Endilikda esa ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berildi, yo‘l qariyb 42 kilometrga qisqardi», — deyiladi xabarda.