O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi 27 avgust kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida maktabga majburiy bir yillik tayyorlovdan o‘tgan bolalarning birinchi guruhiga sertifikatlarni topshirdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Maktabga majburiy bir yillik tayyorlov loyihasi 2018 yil dekabrda ishga tushirilgan edi. Sinov bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahridagi 11 ming nafar bola qamrab olindi. Dastur MTTlarga qatnamaydigan bolalar uchun mo‘ljallangan.

MTTlarga qatnovchi bolalarni o‘qitish «Ilq qadam» o‘quv dasturi doirasida amalga oshirilib, maktabga majburiy bir yillik tayyorlovdan o‘tish talab qilinmaydi, deya qayd etdi MTV.

«Maktabga bir yillik tayyorlov, bu — ushbu so‘zning an’anaviy ma’nosining anglatmaydi. Pedagoglar o‘yin shaklida tarbiyalanuvchilarni bo‘yoqlar, notalar, buyumlar va tevarak-dunyodagi hodisalar bilan tanishtiradi. Birinchi sinfga kelgan bola yomg‘ir yoki do‘lning nima ekanini biladi, avtobusni avtomobildan, mevalarni sabzavotlardan farqini ajrata oladi. Bu yoshda bolaning miyasi harakatchan va qiziquvchan bo‘ladi, unga doimiy ravishda ozuqa berish, rivojlantirish zarur. Ta’lim jarayoni qiziqarli, ijodiy, yosh xususiyatlari hisobga olingan holda tashkil etilgan», — dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Sinov bosqichi yakunlanishi bilan MTV butun mamlakat bo‘yicha maktabga majburiy bir yillik tayyorlovni joriy etishga kirishadi. Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 2020 yilda 6 yoshgacha bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi 85,2 foizni, 2021 yilda esa 100 foizni tashkil etishi lozim.

Kelgusida birinchi sinfga qabul qilishda davlat namunasidagi sertifikat talab qilinadi. Hozircha bu masala Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilmoqda, deyiladi xabarda.