O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati juma kuni 21-yalpi majlisida «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Senatorlar joriy yilning birinchi uch oyida «1146» ishonch raqamiga kelib tushgan murojaatlar tahlillariga ko‘ra, oiladagi maishiy zo‘ravonlik xotin-qizlarga nisbatan eng ko‘p tarqalgan zo‘ravonlik ekanini qayd etishdi. 430 ta murojaatning 207 tasi turmush o‘rtoqlari tomonidan zo‘ravonlikka aloqador.

Hujjatda zo‘ravonlik turlari (psixologik, jismoniy, jinsiy va iqtisodiy), «qurbon», «himoya orderi» va «tazyiq» kabi tushunchalarga izoh berilgan.

Agar O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida O‘zbekistonning ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi, deyiladi hujjatda.

Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosati quyidagilardan iborat:

  • gender siyosati, ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida davlat dasturlari va strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka toqatsiz muhitni hosil qilish;
  • jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, qonuniylikni mustahkamlash;
  • ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikdan ogohlantirish, ularni aniqlash va oldini olish uchun samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish;
  • ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha choralarni amalga oshirish.

Tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlariga himoya orderi beriladi, zarurat tug‘ilgan taqdirda u maxsus markazga joylashtirilishi mumkin. 18 yoshga to‘lmagan qurbonlar nomidan order uchun ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organlari tomonidan murojaat qilinishi mumkin.

Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlik holati aniqlangan vaqtdan boshlab 24 soat ichida tegishli hududda tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun javob beradigan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan 30 kun muddatga beriladi va chiqarilgandan boshlab kuchga kiradi. Uning amalga qilish muddati 30 kundan ortiqroqqa uzaytirilishi mumkin.