19 avgust kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida «ArMI — 2019» musobaqalarining Hindistonda o‘tkazilgan «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari» bahsida ishonchli harakat qilgan harbiylarimizni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Tashkilotchilar g‘oliblarni qutlarkan, ularning milliy armiya qudratiga-qudrat, obro‘siga-obro‘ qo‘shganligini takror ta’kidlab, g‘alabaga bo‘lgan imshonchli harakatlarini faxr bilan e’tirof etishdi.

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida uyushtirilgan uchrashuvda esa g‘alabaning dunyo miqyosidagi ijtimoiy-siyosiy ahamiyati, Vatan ravnaqi yo‘lida milliy armiyamizning ajralmas o‘rni, erishilayotgan yutuqlar xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Marosimga davomiy ravishda poytaxtimizdagi harbiy qismlarning birida «ArMI — 2019» doirasida «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari» musobaqasida ishtirok etgan, Vatan sha’nini himoya qilgan mard o‘g‘lonlar jasorati qizg‘in e’tirof etilib, munosib taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi (o‘tgan yili 3-o‘rin). Rossiya Federatsiyasi uchinchi bo‘lsa, hindstonliklar birinchi o‘ringa munosib deb topildi.