19 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq rahbarlariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Orif Qlichev raisligida hamda xalq maslahatchilari X. Rixsiyeva va G. Qosimovadan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchilar — Ravshan Ibragimov (1966 y. t., Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining sobiq rahbari), Ulug‘bek Nazarov (1977 y. t., agentlik rahbarining sobiq o‘rinbosari), Alijon Abdullayev (1983 y. t., agentlikning sobiq bo‘lim boshlig‘i) va Ozod Maxsudov (1970 y. t., Jo‘nab ketishdan oldingi moslashtirish va o‘qitish markazining sobiq direktori).

Sud hukmiga ko‘ra:

Ravshan Ibragimov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 28,211-moddasi 3-qismi «a», «b» bandlari va 278−2-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan uzil-kesil o‘tashlik uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Ulug‘bek Nazarov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a», «b» bandlari, 278−2-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan uzil-kesil o‘tashlik uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Alijon Abdullayev Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 28,211-moddasi 3-qismi «a», «b» bandlari, 278−2-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan uzil-kesil o‘tashlik uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Ozod Maxsudov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 28,211-moddasi 3-qismi «a», «b» bandlari va 278−2-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan uzil-kesil o‘tashlik uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Agentlikning sobiq rahbarlariga nisbaan jinoyat ishi 2018 yil noyabrida Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan edi.