2019 yil 16 avgustda Energetika vazirligida Osiyo taraqqiyot banki bilan davlat-xususiy sherikchiligi (DXSH) shartlari asosida umumiy quvvati 1000 MVt gacha bo‘lgan hamda taxminiy loyiha qiymati 800 mln. AQSH dollariga teng bir qator fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga doir bitim imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kamida 100 MVt quvvatli fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi sinov loyihasini amalga oshirish joyi sifatida (ushbu bitimga ko‘ra) Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani tanlangan.

OTB ushbu bitimga muvofiq, maslahatchi sifatida ish yuritadi, loyihaning konsepsiyasi, moliyaviy modeli, loyihaviy-baholash hujjati (TEO), elektr energiyani xarid qilish to‘g‘risidagi bitim (RFQ) tayyorlanishini tashkillashtiradi hamda energetika sohasidagi yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda xalqaro tenderni o‘tkazadi.

Ushbu loyiha Energetika vazirligi tomonidan OTB, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, DXSH rivojlantirish agentligi ko‘magida va muvofiqlashtirilishi yordamida amalga oshiriladi. Loyiha amalga oshirilishining boshlanishi 2021 yilga mo‘ljallanmoqda.

Surxondaryo viloyatida fotoelektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi bitim shu yilning 18 iyulida energetika sektorini isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davra suhbati davomida imzolandi. Ushbu uchrashuvda xalqaro tashkilotlar va yirik xorijiy kompaniyalarning 150 nafardan ziyod vakillari ishtirok etdi. Davra suhbati davomida ta’kidlandiki, investitsiyalarning eng yirik hajmi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish uchun zarur. Rejaga ko‘ra, umumiy quvvati 15 GVt ga teng yangi elektr stansiyalar «faqat» mo‘ljallanayotgan hajmi 17,3 mlrd. dollarga teng to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga barpo etiladi.

Yangi elektr stansiyalar uchun zarur investitsiyalar

Shuni ta’kidlash kerakki, hozirgi paytda Navoiy viloyatida Xalqaro moliyaviy korporatsiya (XMK) tomonidan amalga oshirilayotgan quvvati 100 MVt ga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha yuzasidan tender taomillari muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. 25 dan ziyod yetakchi xorijiy kompaniyalar tenderda ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Tender g‘olibi bilan joriy yilning oxirida DXSH to‘g‘risida bitim tuzilishi mo‘ljallanmoqda.

XMKning tender taomillarini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha tajribaga ega ekanligini hisobga olgan holda, boshlang‘ich bosqichda korporatsiya tomonidan yirik energetik loyihalar amalga oshirilishini faol qo‘llab-quvvatlashi zaruriyati sezilmoqda.

2030 yilgacha DXSH bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda ularning asosiy qismi qayta tiklanadigan energiya manbalari (QEM) ga to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, respublikaning bir nechta hududida quvvati 5 GVt gacha bo‘lgan fotoelektr stansiyalari va quvvati 1,7 GVt ga teng shamol elektr stansiyalari, shuningdek, Sirdaryo viloyatida quvvati 2,6 GVt ga teng issiqlik elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Sanab o‘tilgan loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishga sarflanadigan xarajatlarning asosiy qismi XMK tomonidan, shu bilan birga, byudjet hisobidan to‘lanadigan xarajatlarning bir qismi tender g‘olibi tomonidan qoplanadi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.03.2019 dagi PQ-4249 sonli qarori bilan belgilangan energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha vazifalardan kelib chiqib, xalqaro moliya institutlari (XMI) ularni, ayniqsa, xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali, shu jumladan, XDSH mexanizmi vositasida amalga oshirishda texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.