Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 257 mln dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,8 barobar ko‘p demakdir. Ushbu ma’lumotlar 16 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuvida tilga olindi.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi sharofati bilan faollashgani qayd etildi.

Suhbat chog‘ida ikki tomon kun tartibining asosiy masalalari, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalarini yanada rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari, BMT, MDH, Orolni qutqarish jamg‘armasi va boshqa global hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi aloqalarga doir masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Abdulaziz Komilov siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Ashxobodga tashrif buyurdi.