9 avgust kuni «Gazeta.uz» Toshkent tozalash inshootlari samaradorligi to‘g‘risidagi masala ko‘tarilgan «Poytaxt bulg‘amoqda» (o‘zbek tilida — «Toshkentning oqava suvlari Bo‘zsuv kanalini ifloslantirmoqda») deb nomlangan maqolani e’lon qildi. Jumladan, Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi. Oqim bo‘yicha quyiroqda joylashgan qo‘rg‘oncha aholining tasdiqlashicha, stansiya yigirma yildan ziyod vaqtdan buyon ular hayotini zaharlab kelmoqda. Stansiya vakillari esa barchasiga qonunbuzar korxonalar hamda GES-14ning cho‘zilib yotgan rekonstruksiyasi aybdor ekanini ma’lum qilmoqda.

12 avgust kuni texnologik jarayonlarni o‘rganish hamda Bo‘zsuvga ifloslangan suv tashlanishini qanday qilib to‘xtatish mumkin, degan savolga javob olish maqsadida stansiyaga otlandim.

Bo‘zsuv aeratsiya sansiyasi vakillari o‘z stansiyalaridagi texnologik jarayon bilan tanishtirdi. Ularning pozitsiyasi shunday: stansiya suvni samarali tozalab bermoqda, ifloslanishga esa tozalanmagan suvni tashqariga tashlayotgan korxonalar aybdor. Stansiya bunday suvlarni tozalashga mo‘ljallanmagan va buni amalga oshira olmaydi.

Bo‘zsuv aeratsiya sansiyasi direktori Jamshid Zufarov jurnalistlar savollariga javob bermoqda. 12 avgust. Foto: Musulmonbek Ibrohimov / Daryo.uz.

Biz suvning stansiyaga tushgandan kanalga quyilguncha bo‘lgan yo‘lini bosib o‘tdik. Navbatdagi maqolada Islom taraqqiyot banki rekonstruksiya uchun ajratgan mablag‘ maqsadga muvofiq sarflanganmi, degan savol ilgari surildi. Stansiya bosh texnologi Dunanbay Kazibekov sotib olingan uskunalarni ko‘rsatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uskunalar Angliya, AQSH va Xitoyda ishlab chiqarilgan. Umuman olganda, «g‘arbga oid temir-tersaklar"dan faqatgina Grundfos nasoslariga ko‘zimiz tushdi. Ular haqiqatdan ham Daniyada ishlab chiqarilgan. Qolgan barcha uskunalar, shubhasiz, Xitoyda ishlab chiqarilgan. Bundan ortiq bizning noprofessional nigohimiz uskunalar bilan bog‘liq hech qanday muammoni payqagani yo‘q. Kredit mablag‘lari hisobidan suv sifatini nazorat qilish uchun laboratoriya zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

ITB kredit mablag‘lariga sotib olingan stansiya uskunalari zavod markalari fotosuratlaridan iborat kollaj. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Fotoalbom bizga «edi / bo‘ldi» uslubini namoyon etmoqda. Haqiqatdan ham, stansiya fotosuratlari rekonstruksiyaga qadar ko‘proq Pripyat shahrini (Chernobil AESdan uch km masofadagi arvoh-shahar — tarjimon izohi) eslatadi. Ajablanarlisi shundaki, bularning barchasi ish berishi mumkin edi. Stansiya vakillarining qayd etishicha, rekonstruksiyaga qadar samaradorlik bor-yo‘g‘i 30−35 foiz darajasida edi, hozir esa 75 foizga yetmoqda.

Tirik va o‘lik suv

Sirli holat. Oldimizga tindirgichdan suv namunasini olib qo‘yishdi. Menga buni o‘zim bajarishimga ham ijozat berishdi. Bizga tozalangan suv rangini jo‘mrakdagi ichimlik suvi bilan solishtirish uchun namoyish etishdi. Haqiqatdan ham ular bir-biridan farq qilmaydi. Bunday namunani bevosita quvurdan kanalga quyilayotgan joydan ham oldik. Rang u yerda ham shaffof. Namunalarni laboratoriyaga olib borishadi.

Dunanbay Kazibekov tozalangan suv zarur standartlarga mos kelishini tasdiqlaydi. Bizga uncha katta bo‘lmagan hovuzni ko‘rsatishdi. Unga stansiyadan suv oqib tushmoqda. Hovuzda yashayotgan baliqlar esa suvning toza ekanini ko‘rsatib turadi. U holda nima uchun anhordagi suv rangi notabiiy, qora rangda? Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham bu yaqqol ko‘rinib turibdi. Mutaxassislar tozalash inshootlariga ega bo‘lmagan to‘qimachilik korxonalarini ayblashdi.

«Rang beruvchilar lokal tozalanishi lozim. Bu amalga oshirilsa, u holda mening suvim ham kanaldagi kabi ko‘k rangda bo‘ladi. Biroq hech kim korxonani to‘xtata olmaydi. Agarda bu sodir bo‘lsa Xudoga shukur, deyman», — deydi Dunanbay Kazibekov.

Stansiya va suv quvuridan olingan suv namunalari. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Bizni boshqa savol qiziqtiradi. Nima uchun anhor suvi qora rangda, biroq olingan namunada — shaffof? Kazibekov buni korxonalar tashlagan rang beruvchilar suv sathida plyonka hosil qilgani bilan izohlaydi.

«„Suvsoz“ ro‘yxatida 18 ta to‘qimachilik korxonasi mavjud. Ular soni oshmoqda. Kelgusi yil yana 4 ta korxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. To‘qimachilik oqava suvlari rang beruvchilardan tashqari og‘ir metallar va og‘ir organika bilan to‘yingan. Bu esa Toshkent shahar tozalash inshootlariga katta qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda», — deydi «Suvsoz» mutaxassisi Nina Pikul.

«Korxonalar mamlakat rahbariyati tomonidan o‘rnatilgan imtiyozli rejim ularni barcha majburiyatlardan ozod qiladi, deb o‘ylaydi. Hozirda tekshiruvlarga moratoriy amalda va biz korxonaga kira olmaymiz. 1 yanvardan oqava suvlar ustidan nazorat Uy-kommunal vazirligiga berildi. Avvallari bu bilan „Suvsoz“ va Ekologiya qo‘mitasi shug‘ullanar edi. Hozirda korxonalar oqava suvlari ustidan nazorat olib borilayotgani yo‘q», — dedi Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Artur Mustafin.

«Gazeta.uz» «Suvsoz"dan mahalliy tozalash inshootlari mavjud bo‘lmagan yoki yetarlicha tozalamasdan ishlayotgan korxonalar ro‘yxatini oldi. Ular orasida Soca Cola, Intersok, «Bayteks», «O‘ztemiryo‘lmashta’mir», «Maselko», «To‘xtaniyoz ota», «O‘zkabel», Alutex, GM Powertrain Uzbekistan, «Doyche Kabel AG», Foton, Hi-Tech Kabel va «O‘zelektroapparat» kabi kompaniyalar mavjud.

«Biz ular bilan kurashish bo‘yicha kampaniyani boshladik. 400 ga yaqin korxona tozalash inshootlarini joriy etishi lozim. Agarda barcha organlar muvofiqlashgan tarzda ishlasa, muammoni ikki yil ichida hal qilish mumkin», — deydi Artur Mustafin.

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi tozalash inshootlari. Foto: Musulmonbek Ibrohimov / Daryo.uz.

GES nima, AES nima

Yuqorida sanab o‘tilgan korxonalar chiqarayotgan oqava suvlar bir bo‘lgan taqdirda ham, Bo‘zsuv kanali yetarlicha tozalanmagan suvni qayta ishlay olar edi. Biroq kutilmaganda boshqa bir muammo yuzaga chiqdi — oqim bo‘ylab bir oz quyiroqda GES-14 rekonstruksiyasi boshlangan. U sababli anhorda risoladagidek suv oqishi to‘xtaydi.

Hozirda Bo‘zsuv bo‘ylab soniyasiga 2 kub metr suv oqadi, stansiya esa 8 kub metr oqava suvni unga qo‘shadi. Ya’ni, anhordagi toza suv 4 baravarga kamayadi. Normativga ko‘ra aksincha — toza suv proporsiyasi oqava suvga qaraganda 4 baravar ko‘proq bo‘lishi lozim. Bu soniyasiga 8 kub metr oqava suv tashlanayotgan anhorda 40 kub metr toza suv oqayotgan bo‘lishi kerak demakdir.

Suv oqimi yetarli bo‘lmagani sababli anhor tubidagi loyqa ko‘tarilib, uni ifloslantirmoqda. Bularning barchasi birgalikda noqulay ekologik vaziyatni vujudga keltirib, qo‘shni aholi punktlari aholisining shikoyatlariga sabab bo‘lmoqda. «Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi» UK direktori xatida yozilishicha, modernizatsiya munosabati bilan 1 avgustdan 30 sentyabrgacha GES orqali oqim butunlay to‘xtatildi. Bu shusiz ham yomon vaziyatni yomonlashtirdi.

Stansiya mutaxassislarining tasdiqlashicha, aynan GES-14 sababli kanal «yuvindi o‘rasi"ga, achimsiq hid va hashoratlar uyasiga aylandi. Ularning qo‘shimcha qilishicha, 1990-yillarda aholi stansiya ish samaradorligining pastligidan (30−35 foiz), hozir esa — GES rekonstruksiyasi sababli aziyat chekmoqda.

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasining tozalash inshooti. Foto: Musulmonbek Ibrohimov / Daryo.uz.

Afsuski, bu bilan hech narsa qilib bo‘lmaydi. Aholi endi 2020 yil kuziga qadar sabr qilishi kerak. «Suvsoz» vakilining so‘zlariga ko‘ra, me’yoridagi oqim tiklanishi bilan Bo‘zsuv anhori tozalanadi va bir hafta ichida risoladagidek holatga qaytadi.

Ammo loyihani ishlab chiqish va imzolashda hech kimning bu haqda o‘ylab ko‘rmagani achinarli. Davlat ekologiya qo‘mitasi vakilining ma’lum qilishicha, kelgusi hafta ular uning faoliyati bilan tanishtirish hamda vaziyatni tushuntirish uchun Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasiga yaqin mahallalar aholisini stansiyaga taklif qilishni rejalashtirmoqda.

Sirli muhr

Avvalgi materialda yana bir muammo ko‘tarilgan edi. Biz bilan suhbatlashgan aholi bir fikrni yakdil bildirgan edi. Ular kechalari, soat 10−12 ga yaqin stansiya oqava suvlarni chiqarishni boshlashi, natijada nafas olish imkonsiz holga kelib qolishini ma’lum qildi. Bu haqda har bir intervyu bergan odam aytib o‘tdi.

Nomi sir qolishni istagan stansiya xodimi (suhbat yozuvi tahririyatda mavjud) bu kabi tashlashlarning haqiqatdan ham bo‘lishini tasdiqladi. U mexanizmini ham tushuntirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, stansiya kirib kelayotgan suv oqimini eplay olmaydi va tungi vaqtlarda avariyaviy kanal ochib qo‘yiladi. Bu kanal stansiyaning tozalash inshootlarini chetlab o‘tgan holda to‘g‘ri Bo‘zsuv anhoriga quyiladi. Kanal shlyuzi muhrlangan. Biroq xodimning so‘zlariga ko‘ra, muhrni shunchaki yulib olib, so‘ngra joyiga qaytarib qo‘yishadi.

Men va Daryo.uz muhbiri Muslimbek Ibrohimov avariyaviy kanal shlyuzini topib, muhrni ko‘zdan kechirdik. Yumshoq qilib aytganda, u jiddiy ko‘rinmadi. Unda xira «54» raqamidan boshqa hech qanday himoya usullari yo‘q. Muhrni pichoq bilan osongina yechib olish mumkin. Xodim jarayonni aynan shunday tasvirlab bergan edi.

Avariyaviy chiqish shlyuzi muhri. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Biz muhrlash hisobi qanday yuritilishi haqida so‘radik. Mutaxassislar dispecherda maxsus daftar borligini ma’lum qildi. Biz uni ko‘rsatishni so‘radik, biroq stansiya direktori Jamshid Zufarov buni keskin rad etdi va bunday daftar mavjud emasligini ma’lum qildi. Ayni vaqtda, stansiyaning boshqa xodimlari daftarning mavjudligini aytishda davom etdi.

Stansiya rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ichki bahs va munozaralardan so‘ng baribir daftarni ko‘rsatishdi. Undagi birinchi qayd iyun oyida tushirilgan. Nina Pikulning izoh berishicha, so‘nggi marta muhrlash «mart-aprel"da o‘tkazilgan. Shuning uchun daftarda muhrlash haqida hech qanday yozuv mavjud emas.

Dispecher daftari. Birinchi qayd 17 iyunda tushirilgan. Foto: Musulmonbek Ibrohimov / Daryo.uz.

Stansiya mutaxassislari tozalanmagan suvni kanalga oqizib yuborishdan hech qanday ma’no yo‘q ekanini ta’kidlashdi. «Kechasi stansiya odatdagi shtat rejimida ishlaydi. Oqava suvlarni tashlashdan oldin laboratoriyada doimiy ravishda qoldiq xlor va bakteriologik xususiyatlar nazoratga olinib, ular haqda jurnallarga qaydlar tushiriladi», — dedi Nina Pikul.

Aholining yakdil fikriga sabab nima ekani haqidagi savolga javob berarkan, Artur Mustafin buni tungi vaqtlarda odamlarda hid bilish xususiyatining kuchayishi bilan izohladi. «Bu fiziologik o‘ziga xoslik, buni hisobga olish lozim».

Umuman, bu masala ochiqligicha qoldi. Bir tomondan tozalanmagan suvni tashlash fikri menga tushunarli. Xodim buni liq to‘lgan tindirgichlarning «qaynab-toshishi» xavfi borligi bilan bog‘ladi. Biroq stansiya ishidagi barcha nozik jihatlar menga to‘la tushunarli emas. Boshqa tomondan esa istiqomatchilarning tashlash haqidagi yakdil so‘zlari, axborot manbamizning fikrlari, g‘alati muhr va stansiya rahbariyatining shubhali harakatlari bizni xodimlarning samimiyliga shubhalantirdi.

Bu jiddiy masala. Shlyuz yordamida tozalanmagan oqim to‘g‘ri kanalga oqiziladi. Muhrning hozirgi holati hech narsaga yaramaydi. Bunday muhim uchastkaga videokuzatuv kamerasi o‘rnatilishi lozim. O‘shanda stansiya o‘z pozitsiyasini ishonch bilan namoyish eta oladi.

Kanalizatsiyada innovatsiya

Materialni tayyorlash vaqtida tahririyatga tadbirkor va kashfiyotchi, kimyogar-texnolog Rashod Aliyevdan maktub keldi. Rashodning ma’lum qilishicha, uning jamoasi Bo‘zsuv tozalash inshootida elektroliz uslubida «xlorli suv» ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba qurilmasini joriy etdi. Qurilma suvni zararsizlantirish uchun kuniga 180 kg, stansiya ehtiyoj sezgan taqdirda esa 2,25 tonna xlor ishlab chiqarishi mumkin.

Rashod Aliyev qurilmaning hozir ishlamayotgani va stansiya undan foydalanmayotganini ma’lum qildi. Qurilmani ishga tushirish uchun uzluksiz tuz yetkazib berilishi kerak. Tadbirkor texnologiyani joriy etish uchun ko‘p vaqt va kuch sarflangani, biroq stansiya tomonidan hamkorlik yo‘qligi sababli natija bo‘lmayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilma stansiyaga iqtisodiy foyda keltirishi va uning xavfsizligini yaxshilashi mumkin.

Bo‘zsuv stansiyasidagi xlor ishlab chiqarish qurilmasi. Foto: Rashod Aliyev.

Xulosa

Xo‘sh, shahar o‘zining oqava suvlari «TV-park» jurnali reklamasidagi kabi yumshoq va ipakdek bo‘lishi uchun nima qilish kerak?

1. Korxonalar oqava suvlari ustidan nazoratning hozirgi holati qoniqarsiz. Har bir korxona tozalash qurilmalarini o‘rnatishi lozim. Hozirda oqava suvlari tozalanmasdan tashlanmoqda va kelajakda ekotizimimiz buni kechirmaydi.

2.Shahar aholisi o‘sib borayotgani ortidan tozalash inshootlari rekonstruksiyasini davom ettirish lozim. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, nafaqat joriy inshootlarni rekonstruksiya qilish, balki yangilarini ham qurish lozim.

«Suvsoz» O‘rtaovul hududida Chirchiqning o‘ng qirg‘og‘ida kanalizatsiya tozalash inshootlarini qurish loyihasi to‘g‘risida ma’lum qildi. Uning quvvati kuniga 400 ming kub metrni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, Toshkentning kanalizatsiya tarmoqlari va kanalizatsiya kollektorlari kapital ta’mirlanishi, suv quvurlari va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish chizmalari ishlab chiqilishi zarur.

«Suvsoz» mutaxassislari mening xulosalarimni tasdiqladi. Shahar kommunikatsiyalarni rivojlantirish rejasisiz rivojlana olmaydi. Ammo rivojlantirish rejasi bo‘lmaydi, chunki hali shaharni rivojlantirishning bosh rejasi ham yo‘q.

XXI asrda bu — mantiqsizlik, biroq ulkan megapolis hali ham bosh rejasiz yashamoqda. Shahar va kommunikatsiyalarni oradan besh, o‘n yildan keyin nimalar kutayotganini hech kim ayta olmaydi.

Nikita Makarenko Jurnalist, prodyuser, musiqachi va dramaturg.