2019 yil 11 avgust kuni soat 01:00 larda 2 noma’lum shaxs Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashovchi 25 yoshli J.B. boshqaruvidagi «Nexia» rusumli avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tirib, Pastdarg‘om tumani Juma shahri To‘rttom mahallasi hududiga yetib kelganida, noma’lum shaxslar haydovchiga tan jarohati yetkazib, uni avtomashinadan zo‘rlik ishlatib tushirib, avtomashinani haydab qochib ketishgan. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida avtomashina Elbek mahallasi hududidan old chap tomon g‘ildiragi yorilgan holda topilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni To‘rttom mahallasida yashovchi, muqaddam sudlangan 20 yoshli M.O. va Nurobod tumani Baraka ko‘chasida yashovchi 24 yoshli X.N. sodir etgani aniqlanib, ushlangan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.