Bugun Surxondaryo viloyatining Termiz shahridan «O‘zbekiston — Tojikiston — Xitoy» yo‘nalishida yangi transport koridori bo‘yicha tajriba-sinov avtokarvoni yo‘lga chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«Termiz — Dushanbe — Qashg‘ar» yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilayotgan ushbu avtokarvon O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 6 apreldagi «Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilmoqda.

Mazkur avtokarvonda har uchala davlatdan ikkitadan katta hajmli yuk avtomobillari ishtirok etmoqda. Bugun «Termez Cargo Centr» logistika terminalidan yuk ortgan jami 6 ta avtomobil «Termiz (O‘zbekiston Respublikasi) — Dushanbe, Vahdat, Ko‘lob, Qal’ai Xumb, Xorug‘, Kulma (Tojikiston Respublikasi) — Qashg‘ar (Xitoy Xalq Respublikasi) yo‘nalishida harakatlanib umumiy hisobda 1422 km masofani bosib o‘tadi.