Bishkek sudi 9 avgust kuni Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni 29 avgustga qadar qamoqqa olish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar qildi AKIpress.

Sobiq prezidenti Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha — jinoiy guruh tashkil etish va korrupsiyada ayblanmoqda. Atambayevga nisbatan sudgacha qamoqqa olish ko‘rinishidagi ehtiyot chorasi tanlandi, u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasida saqlanadi.

Almazbek Atambayev 8 avgust kuni o‘zining Koy-Tash qishlog‘idagi qarorgohida qo‘lga olingan edi. Uni ushlash bo‘yicha operatsiya 7 avgust kuni boshlandi, biroq sobiq prezident tarafdorlari maxsus xizmatlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum vaqtida bir nafar maxsus xizmat askari halok bo‘ldi, 80 kishi jarohatlandi.