7 avgust kuni bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanali.

Qarorga muvofiq, maktablarga qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib, tegishli mikrohudud bo‘yicha asosiy kvotaga tushmagan bolalar uchun amalga oshirilishi belgilandi.

Ilgari qo‘shimcha kvota — maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, maktablarda ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun ajratilar edi.

Endilikda, bolalarni maktablarga qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish maktab direktorlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ilgari bu jarayon davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilar edi.

Bolalarni maktablarga qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul qilish 10 avgustdan 31 avgustga qadar amalga oshirilishi belgilandi.

Shuningdek, maktablarga bolalarni qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul qilishda undiriladigan to‘lov bekor qilindi.

Ilgari qo‘shimcha kvota bo‘yicha maktablarga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda yig‘im undirilishi nazarda tutilgan edi.