Yaqinda Oliy sudga qabulga kelgan fuqarolardan biri o‘g‘li 2018 yil dekabr oyida savdo tashkilotidan shartnoma asosida — pulini bir yil muddatga to‘lash sharti bilan — qarzga televizor sotib olgani, ammo 2019 yil mart oyida to‘satdan vafot etgani, televizorning puli esa, qisman to‘langani yuzasidan murojaat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda savdo tashkiloti o‘g‘lining qarzini to‘lashni undan talab qilayotgan, aks holda, sudga murojaat qilishini aytgan. Shu munosabat bilan ota o‘z o‘g‘lining qarzini to‘lashi adolatsizlik ekanini qayd etdi.

Murojaatchiga qonun talabi bo‘yicha o‘g‘lining qarzi meros tariqasida uning merosxo‘rlariga o‘tishi, ota o‘g‘lining vafotidan so‘ng birinchi navbatdagi merosxo‘r hisoblanishi, savdo tashkilotining talabi to‘g‘ri ekanligi haqida tushuntirish berildi. Shundan so‘ng fuqaro ilgari bu haqda tushunchaga ega bo‘lmagani va tezda o‘g‘lining qarzini to‘lashini aytdi.

Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, avvalo, qarz munosabati bo‘yicha aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish zarurati mavjud, degan mulohaza ko‘nglimizdan kechdi. Buning uchun dastlab qarz albatta, qaytarilishi shart ekanligi haqidagi qonun normalariga to‘xtalish o‘rinlidir.

Amaldagi Fuqarolik kodeksining 735-moddasiga ko‘ra, qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.

Agar qarzni qaytarish muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qo‘ygan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.

Foizsiz qarz summasi qarz oluvchi tomonidan muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.

Mazkur qonun talabidan ko‘rinadiki, qarz oluvchi olgan qarzini kelishilgan muddatda qaytarishi shart.

Shu o‘rinda yana bir haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, qarzni qaytarish muddati kelmasdan qarz oluvchi vafot etsa, qarzni kim qaytaradi? Ya’ni bunday holatda qarzni kimdan talab qilish mumkin?

Bu savolga javoban shuni aytish kerakki, Fuqarolik kodeksining 1113-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.

Mazkur kodeksning 1156-moddasida esa, meros qoldiruvchi qarzdorning qarz beruvchilari vasiyatnomani ijro etuvchiga, ya’ni merosni boshqaruvchiga yoki merosxo‘rlarga meros qoldiruvchining majburiyatlaridan kelib chiqadigan o‘z talablarini qo‘yishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan. Bunday holatda merosxo‘rlarning har biri o‘ziga tekkan mol-mulkning qiymati doirasida solidar qarzdorlar sifatida javobgar bo‘ladi.

Demak, qarz oluvchi vafot etganidan keyin qarzni qaytarish majburiyati uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlari, ya’ni ota-onasi, eri yoki xotini, farzand¬lari va boshqa merosxo‘rlariga o‘tadi. Bu qonun talabidir.

Aynan shu hol, ya’ni qarzni uzmaslik muqaddas dinimizda ham qattiq qoralanadi.

Shuning uchun kimdir to‘satdan qazo qilsa, uning qarzi bor-yo‘qligi so‘raladi.

Bunda uning yaqinlaridan biri kafil bo‘lgandan keyingina janozasi o‘qiladi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, qarz berishning savobi nechog‘li ko‘p bo‘lsa, uni o‘z vaqtida, eng muhimi, qarz beruvchini norizo qilmasdan qaytarishning fayzi undan-da ziyoda bo‘ladi. Axir, odam bolasining el-yurt ichida yuzi yorug‘ bo‘lishi aynan shu kabi hayotiy jarayonlarga bog‘liqdir. Qolaversa, qarzni uzgan kishi doimiy ichki xotirjamlikka erishadi.

Akmal Murodov,

O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi.