2 avgust kuni Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi Olma Ota-Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan yo‘l-transport vositasi natijasida besh kishi hayotdan ko‘z yumdi.

O‘zbekistonning Olma Otadagi bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2 nafar yo‘lovchi — O‘zbekiston fuqarolari F.T. va D.A. voqea joyida halok bo‘ldi. Uchinchi o‘zbekistonlik R.J. olingan jarohatlardan Chimkent shahar shifoxonasida vafot etdi.

YTH bo‘yicha jinoiy ish ochilib, tergov olib borilmoqda. Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bo‘yicha ularning oila a’zolariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam ko‘rsatmoqda.

Tengrinews.kz nashrining ma’lum qilishicha, Chimkent yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Audi va KamAZ mashinalari bilan to‘qnashgan, so‘ngra ag‘darilib, yonib ketgan.

Qozog‘istonning Olma Ota va Chimkent shaharlari, Olma Ota, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Olma Ota shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7−727−291−11−78.