Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Navbahor tuman sudi tomonidan «Xalq banki"ning Xatirchi filiali xodimi S. Olimovga (ism-sharifi o‘zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, hukm o‘qildi, deya xabar qildi jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudining raisi Avaz Ibodov.

S. Olimov «Xalq banki"ning Xatirchi filialining plastik kartochkalar tizimini rivojlantirish sho‘’basi yetakchi mutaxassisi vazifasini bajarib kelib, xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘ziga tegishli login va parol orqali o‘zganing kompyuter tizimiga davomli ravishda ruxsatsiz kirgan. 2016 yil 18 sentyabrdan 14 oktyabrgacha bank mijozi bo‘lgan 28 nafar fuqaroning duet plastik kartalarida uzoq muddatdan buyon harakatsiz qoldiqda turgan jami 1 457 127 so‘m 25 tiyinlik pul mablag‘larini ularning nomiga boshqa plastik karta biriktirish yo‘li bilan o‘zlashtirgan. 2016 yil 27 noyabridan 2018 yil 24 yanvar kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida esa o‘ziga tegishli bo‘lgan telefon raqamiga ulangan «SLICK» to‘lov tizimi orqali bank mijozi bo‘lgan 80 nafar fuqaroning plastik kartalarida uzoq muddatdan buyon harakatsiz qoldiqda turgan jami 14 160 074 so‘mlik pul mablag‘larini o‘zining ixtiyorida turgan fuqarolarning nomiga ochilgan yangi plastik kartalariga o‘tkazishib olgan.

Shuningdek, 2016 yil 30 sentyabrdan 2018 yil 1 avgust kunigacha bank mijozi bo‘lgan 53 nafar fuqaroning plastik kartalarida uzoq muddatdan buyon harakatsiz qoldiqda turgan jami 11 809 800 so‘mlik pul mablag‘larini o‘zining ixtiyorida turgan fuqarolarning nomiga ochilgan yangi plastik kartalariga o‘tkazish orqali o‘zlashtirgan. S. Olimov jami 161 nafar shaxsning 27 427 100 so‘m 25 tiyin miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Sud tomonidan «Xalq banki"ning Xatirchi filialining xodimi S. Olimov O‘zbekiston JKning 167-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Fuqarolarga yetkazgan 27 427 100 so‘m 25 tiyin miqdordagi zararlarni to‘liq qaytargani e’tiborga olinib, unga JKning 45 va 60-moddalari qo‘llanildi va 3 yilga muddat mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish hamda oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazolari tayinlandi.