Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayevning hayotiga suiqasd qilganligida ayblanuvchi tadbirkor Baxriddin Isamov ayni paytda Toshkentda sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yakkabog‘ tumani prokuraturasi yuqorida qayd qilingan holat yuzasidan 20 iyul kuni Baxriddin Isamovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25- va 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atgan.

Isamovning himoya huquqi ta’minlanib, himoyachisi Sh. Gayirov ishtirokida gumon qilinuvchi tariqasida so‘roq qilingan. 21 iyul kuni Isamov Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibda ushlanib, bu haqida yaqin qarindoshlariga ma’lum qilingan va qarindoshlari tomonidan olib kelingan kiyim kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan.

22 iyul kuni Isamovga ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘lanilgan. Ayblanuvchi qarindoshlari tomonidan taklif qilingan himoyachisi X. Djabborov bilan holi uchrashiga sharoit yaratib berilgan.

Isamovga nisbatan sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudining 22 iyuldagi ajrimi bilan statsionar tartibda sud-psixiatriya ekspertizasi o‘kazish uchun Toshkentga yuborilgan. Shu kuni u turmush o‘rtog‘i Nodira Haydarova va o‘g‘li Sharofiddin Daminov bilan uchrashuv tashkil qilib berilgan.