Avvalroq 20 iyul kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tadbirkor tuman hokimining sanoat, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev ustiga benzin sepib, yoqib yuborgani haqida xabar qilingan edi. Seshanba kuni hodisa tafsilotlari ma’lum bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ikki qavatli binodagi do‘kon va sex ishchilari ichki ishlar organlari xodimlariga qanday qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan. Bino oldidagi buldozer cho‘michi esa uning devorlariga taqalgan. Mansur Tuymayev buldozerga o‘tirib, tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli binoni buzishga harakat qiladi. Bu vaqtda bino ichida mijozlar va ishchilar borligi tadbirkorni jazavaga soladi.

U buldozerga yaqinlashib, hokim o‘rinbosarini yoqib yuborishi haqida ogohlantiradi. So‘ngra kabinaga benzin sepadi, ichki ishlar organlari xodimlari tadbirkorni ushlab qolishga harakat qiladi, biroq o‘t qo‘yishga ulguradi. Olov bir zumda tadbirkorning qo‘li va hokim o‘rinbosari o‘tirgan kabinaga ilashadi.

Yakkabog‘ tuman hokimligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, hokim o‘rinbosari markaziy shifoxonaga yuz va kaft sohasidagi kuyish tashxisi bilan yotqizilgan. «U OAVdagi yozilayotganidek kuchli kuymagan. Taxminan 10 foiz kuyish (Bosh prokuratura 30−40 foiz kuyganini ma’lum qildi — tahr.)», — dedi hokimlik vakili.

Mahalla aholisining Kun.uz nashriga xabar qilishicha, tadbirkor bino buzilishi to‘g‘risida oldindan ogohlantirilmagan. Tadbirkorning o‘g‘li Sh. Daminov esa hokimiyat vakili 20 iyulda imzolangan ogohlantirishni hodisadan bir kun o‘tib olib kelganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz.

Ma’lum bo‘lishicha, IIB xodimlari hodisadan so‘ng uchastkaga nafaqat Bahriddin Isomov, balki uning o‘g‘li M. Daminovni ham olib kelib, 50 soatdan ziyodroq vaqt davomida ushlab turgan. Uning bosh va yelka sohasida jarohat izlari bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, IIB xodimlari unga tan jarohatlari yetkazgan.

Tadbirkorning boshqa o‘g‘li Sh. Daminov hodisa kuni bo‘lmagan, uyga qaytishi bilan uni ham huquqni muhofaza qilish organlari qo‘lga olib, uchastkaga olib borgan. Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, uni ham ushlash sabablarini ma’lum qilmagan holda 11 soat tutib turishgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ning IIB xodimlari harakatlari qonuniyligi to‘g‘risidagi so‘roviga «vaziyat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda», IIV emas, deya javob berdi. Bosh prokuratura so‘rovga hozircha javob bergani yo‘q.

Hokimlik pozitsiyasi

Yakkabog‘ tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Bozor Azizov «Gazeta.uz"ga «Eski Yakkabog‘» hududida 10 ming kishi yashashini ma’lum qildi. Eski shahar uchta — «Mustaqillik», «Eski Yakkabog‘» va «Ibn Sino» mahallaridan tarkib topgan. Hodisa «Mustaqillik» mahallasida sodir bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla faxriylari va oqsoqollar bir necha marta tuman va shahar hokimligiga murojaat qilib, ularning hududini «Obod qishloq» dasturiga kiritishni iltimos qilgan. U yo‘llarni kengaytirish, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va piyodalar yo‘laklarini tashkil etishni ko‘zda tutadi.

Aprelda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev tadbirkorlar, oqsoqollar, aholi, viloyat va tuman qurilish kompaniyalari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazadi. Unda «Eski Yakkabog‘"ni «Obod qishloq» dasturi va bosh rejaga kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlanadi.

«Ishlar darhol boshlandi — yo‘l chetidagi binolar buzilishi, ularning rekonstruksiyasi, tor ko‘chalarni kengaytirish. Bu jarayon hozirda davom etmoqda. 30 ga yaqin turli chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari binolari buzildi. Ularga tovon puli va yer ajratish bo‘yicha hujjatlar mavjud. Biroq ularning ko‘pchiligida baholash ishlari o‘tkazilmadi. Baholash bo‘limi baholashi va ishchi komissiyaga hujjatlarni taqdim etishi lozim», — dedi Bozor Azizov.

Matbuot xizmati rahbari Bahriddin Isomovning ikki qavatli binosiga uzoq vaqt teginilmaganini qayd etdi. «Keyin tuman hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev shunday dedi: «Hamma buzayapti, nega sen buzmayapsan? Qonun barcha uchun barobar», — deya ma’lum qildi u.

«Shu so‘zlardan keyin tadbirkor va uning qo‘l ostidagilar hokim o‘rinbosariga tashlanib, binoga tega olmasligi, u katta pulga qurilgani aytdi. Vaziyat shunday rivojlandi: buldozer haydovchisi qo‘rqib, yerga tushdi. Mansur Tuymayev haydovchiga qo‘rqsa o‘zi chiqishini aytdi. „O‘zim haydayman“, — dedi u. Tadbirkor esa kim buldozerga o‘tirsa yoqib yuborishini aytdi. U baklajkadagi benzinni kabinaga sepdi. Hokim o‘rinbosari buldozerga chiqdi va shunday dedi: „Davlatning buldozerini yoqishga qanday haqqing bor?“» — dedi matbuot kotibi.

Bozor Azizov ko‘plab do‘konlar egalari buzilish haqida bilgan holda soliqlarni to‘lashni to‘xtatganini qo‘shimcha qildi. U tadbirkorlar og‘zaki ogohlantirilgani, yig‘ilishda qatnashgani va obodonlashtirish bo‘yicha ishlar qilinishi haqida bilganlarini ta’kidladi.

Yakkabog‘ tuman hokimligi vakili Bahriddin Isomov binosini besh yil avval qonuniy asosda qurgani, biroq u yo‘llar kengaytirilishi munosabati bilan buzilishga tushganini tan oldi. «Bu yo‘ldan ikkita mashina o‘ta olmasdi. Do‘konlar yo‘lga yaqin qilib qurilgan», — deya izoh berdi u.

Avval xabar qilinganidek, Yakkabog‘ tuman prokuraturasi Bahriddin Isomovga qarshi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.