Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasidagi «Xoldomi» sayyohlik tog‘-chang‘i majmuasi bazasida barpo etilgan chodirli bolalar oromgohida 23 iyul kuni yong‘in sodir bo‘ldi, to‘rt bola hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar berdi Meduza.

Yana ikki bola shifoxonada qolmoqda, ulardan biri kuchli kuyish jarohati bilan, ikkinchisi esa is gazidan zaharlangan. Yana sakkiz nafar jabrlanuvchi — uch bola va besh katta yoshli — hodisa joyida tibbiy yordam oldi. Oromgohda jami 189 bola bo‘lgan.

Yana bir bola koma holatida, deb yozdi «Novosti» RAA. O‘n yoshli Arseniy yong‘in vaqtida bir qizni chodirdan olib chiqayotganda kuygan.

Yong‘inda 26 chodirning 20 tasi yonib ketdi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, u chodirlardan biriga o‘rnatilgan nosoz radiatordan kelib chiqqan. Tergov qo‘mitasi hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Oromgoh direktori qo‘lga olingan.

Xabarovskiy o‘lkasi gubernatori Sergey Furgalning so‘zlariga ko‘ra, chodirli oromgoh xususiy bo‘lgan va noqonuniy faoliyat ko‘rsatgan, tekshiruvchilar uning ochilishiga ruxsat bermagan.

Bolalar vafoti munosabati bilan Xabarovsk o‘lkasida 24−26 iyul kunlari motam e’lon qilindi.